Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida joylashgan 75V040 avtomobil yo‘lida tog‘ jinslarining xavfli ko‘chkisi qayd etildi. Favqulodda hodisa 24-oktabr kuni tonggi soat 3:30 lar atrofida mazkur trassaning 21- va 22-kilometr oralig‘idagi qismida sodir bo‘lgani ma’lum qilindi.
Surxondaryo viloyat hokimligining xabariga ko‘ra, vaziyatni bartaraf etish maqsadida zudlik bilan tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari, davlat yo‘l xizmati mutaxassislari hamda maxsus texnikalar jalb qilingan. Olib borilgan tezkor sa’y-harakatlar natijasida soat 7:30 ga kelib yo‘l qatnov qismi tog‘ jinslaridan to‘liq tozalandi.
Rasmiy idoralarning ma’lum qilishicha, ushbu tabiiy hodisa oqibatida jabrlanganlar yo‘q, shuningdek, biror-bir transport vositasiga shikast yetmagani qayd etilgan. Hozirgi kunda avtomobil yo‘lida harakatlanish to‘liq hajmda tiklanib, transport vositalari xavfsizligi ta’minlangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo viloyatida ham noqulay ob-havo sharoiti tufayli sel kelib, ikki kishi bo‘lgan Damas avtomashinasini oqizib ketgan edi. O‘shanda haydovchi o‘z kuchi bilan chiqib ketishga muvaffaq bo‘lgan, biroq mashinadagi yo‘lovchi halok bo‘lgani xabar qilingandi.
Source: podrobno.uz