O'zbekiston davlat xizmatlari portalida foydalanuvchilar uchun yangi "Bank kartalari" bo'limi ishga tushirildi. Endi fuqarolar o'z nomiga ochilgan amaldagi bank kartalari haqidagi ma'lumotlarni bir joyda ko'rishlari mumkin.
Mazkur bo'limda O'zbekiston tijorat banklari tomonidan ochilgan plastik kartalar, shuningdek turli banklar ilovalari orqali masofadan turib rasmiylashtirilgan virtual kartalar ham aks ettiriladi. Bu foydalanuvchilarga o'zlarining barcha bank kartalari haqida to'liq tasavvurga ega bo'lish imkonini beradi.
Ma'lumotlarni olish uchun foydalanuvchi my.gov.uz portalida avtorizatsiyadan o'tishi va "Bank kartalari" bo'limiga kirishi talab qilinadi. Tizim foydalanuvchining shaxsiy kabineti orqali uning nomiga ochilgan kartalarni avtomatik tarzda aniqlaydi.
Hozircha yangi funksiya sinov rejimida ishlamoqda. Xizmatda faqat O'zbekiston hududida faoliyat yurituvchi tijorat banklarining kartalari ko'rsatiladi. Kelgusida tizimni yanada takomillashtirish va boshqa turdagi moliyaviy ma'lumotlarni qo'shish rejalashtirilgan.
Source: uznews.uz