Poytaxtning qariyb 12 gektarlik Elbek bog‘ida boshlangan keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari mahalliy aholining haqli e’tirozi va xavotirlariga sabab bo‘ldi. Yillar davomida qarovsiz qolgan, biroq fuqarolar uchun sevimli yashil hudud bo‘lib kelgan bu maskanni o‘zgartirish rejalari oldindan jamoatchilik bilan muhokama qilinmagani noroziliklarni keltirib chiqardi. Shanba kuni tashkil etilgan kechki jamoatchilik eshituvida shahar ma’muriyati vakillari yig‘ilganlarning savollariga javob berishga majbur bo‘ldi.
Toshkent shahri hokimining o‘rinbosari Azizxon Shavkatovning bildirishicha, yangilangan loyiha Turkiya elchixonasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan va uning konsepsiyasi turkiyalik arxitektorlar tomonidan tayyorlangan. Rejaga ko‘ra, bog‘ning bir qismida “O‘zbek-turk do‘stligi” xiyoboni barpo etilib, unga Turkiyaning birinchi prezidenti Mustafo Kamol Otaturk nomi beriladi. Shuningdek, hududda yarim oy shaklidagi arka, haykal va tematik suv havzalari qurilishi ko‘zda tutilgan.
Loyiha doirasida eski infratuzilmani demontaj qilish va daraxtlarni butalash ishlari boshlab yuborilgani aholining qattiq xavotiriga sabab bo‘ldi. Rasmiylarning ta’kidlashicha, bog‘dagi minglab daraxtlar xatlovdan o‘tkazilib, ulardan yuzlab qurigan va kasallanganlari aniqlangan, shuningdek, yangi maydon qurilishi munosabati bilan ayrim daraxtlarni ko‘chirib o‘tish rejalashtirilgan. Hokimiyat qurigan va kasallanganlar o‘rniga 500 ga yaqin yirik ko‘chatlar hamda minglab buta va gullar ekilishiga va’da bermoqda.
Eshituv davomida mahalliy aholi bir qator asosli taklif va e’tirozlarini bildirdi. Xususan, fuqarolar ishlar boshlab yuborilgandangina emas, balki loyiha tayyorlanishidan oldin xabardor qilinishi kerakligini ta’kidladilar. Shuningdek, uchrashuvda aholi tomonidan ichimlik suvi favvorachalarini o‘rnatish, badminton maydonchalarini saqlab qolish va binafshazorlarni asrab avaylash bo‘cta bildirilgan takliflar hokimiyat vakillari tomonidan ma’qullandi.
Source: www.gazeta.uz