Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekistonda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosidagi to‘rtta munozarali harf masalasiga qonun darajasida uzil-kesil nuqta qo‘yildi. Texnik jihatdan ko‘plab noqulayliklarni keltirib chiqarib kelgan O‘, G‘, Sh, Ch harflari “bir tovush – bir harf” tamoyili asosida yaxlit belgilarga (Ö, Ğ, Ş, Ç) almashtirildi. Mazkur o‘zgarishlarni nazarda tutuvchi qonun 21-oktabr – O‘zbek tili bayrami kunida davlat rahbari tomonidan imzolangani e'lon qilindi.

Qabul qilingan qonun rasman e'lon qilinganidan keyin olti oy o‘tib, ya'ni 2027-yil 22-apreldan boshlab to‘liq kuchga kirishi belgilandi. Vazirlar Mahkamasiga ikki oy muddat ichida ushbu qonun ijrosini ta'minlashga qaratilgan maxsus chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash vazifasi yuklatildi. Mutasaddilarning ta'kidlashicha, davlat idoralarining ramziy belgilari, gerb tasvirlari, peshlavhalar va ko‘rsatkichlar eski holatidan yaroqsiz holga kelgan paytda yoki hukumat dasturida belgilab berilgan muddatlarda bosqichma-bosqich yangi alifboga o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur to‘rtta harfning diakritik belgili shakllari aslida 1993-yilda qabul qilingan dastlabki o‘zbek-lotin alifbosida ham mavjud bo‘lgan, biroq 1995-yilda ular apostrofli hamda harf birikmali shakllarga o‘zgartirilgan edi. Keyinchalik axborot texnologiyalari, jumladan kompyuterlar va mobil telefonlar keng ommalashuvi davrida bu harflar amaliyotda turli texnik muammolarni keltirib chiqara boshladi. Oradan yillar o‘tib, turli ishchi guruhlar qizg‘in bahslar asosida turli variantlarni ishlab chiqqan bo‘lsa-da, nihoyat joriy yildagi takliflar asosida yakuniy qonun ko‘rinishi qabul qilindi.

Source: kun.uz