Buxoro shahridagi Shahriston arxeologik yodgorligida Somoniylar davriga (IX–X asrlar) oid jome masjidining meʼmoriy bezaklariga mansub, kufiy yozuvlar tushirilgan ganch panel qoldiqlari aniqlandi. Bu haqda Madaniy meros agentligi rasmiy xabar tarqatdi. Topilma Oʻzbekiston va AQSh olimlari ishtirokidagi xalqaro arxeologik ekspeditsiya tadqiqotlari davomida qayd etildi.
Arxeologik qazishmalarda Oʻzbekiston va Amerika Qoʻshma Shtatlari mutaxassislaridan tashqari Rossiya va Eron arxeologlari, rassomlar, chizmachilar hamda “Buxoro” davlat muzey-qoʻriqxonasi xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Ekspeditsiya rahbari Jamoliddin Mirzahmedovning taʼkidlashicha, aniqlangan ganch panel qoldiqlari toʻliq va yaxshi saqlangan holda yetib kelmagan. Shu sababli topilmani saqlab qolish maqsadida mutaxassislar tomonidan restavratsiya va konservatsiya ishlari olib borilmoqda.
Agentlik maʼlumotlariga koʻra, mazkur topilma Buxoroning Somoniylar davri meʼmorchiligi, xususan, ganch oʻymakorligi va epigrafik bezak anʼanalarini oʻrganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi. Ayni paytda Shahriston arxeologik yodgorligida arxeologik tadqiqotlar bilan bir qatorda aniqlangan meʼmoriy ganch bezaklarini mustahkamlash, konservatsiya qilish va ilmiy jihatdan oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.
Avvalroq Buxoro, Samarqand va Jizzax viloyatlarida ham arxeologik tadqiqotlar davomida turli davrlarga oid muhim topilmalar aniqlangan edi. Jumladan, Samarqand viloyati Urgut tumanidagi Qoʻrgʻontepa yodgorligida ilk oʻrta asrlarga oid ibodatxona qoldiqlaridan gipsdan ishlangan haykal boshi, Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Odirmon yodgorligida mehrob va ostodon topilgan. Jizzaxning Zomin va Sharof Rashidov tumanlarida esa paleolit va neolit davrlariga oid manzillar hamda 30 ga yaqin petroglif qayd etilgan.
Source: www.gazeta.uz