O‘zbekiston hukumati va Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki (OIIB) o‘rtasida 2026–2029 yillarga mo‘ljallangan yangilangan uzoq muddatli investitsiya dasturi imzolandi. Bu kelishuv mamlakat infratuzilmasini rivojlantirish uchun 5 milliard dollargacha moliyalashtirish imkoniyatini yaratadi. Hujjat 28-sentabr kuni Dohada bo‘lib o‘tgan OIIBning 11-yillik yig‘ilishi doirasida qo‘l qo‘yildi.
Bank nomidan kelishuvni OIIBning 2-region davlat sektori bo‘yicha investitsiyalar, shuningdek, mijozlarni loyihaviy va korporativ moliyalashtirish yo‘nalishi rahbari Konstantin Limitovskiy imzoladi. O‘zbekiston tomonidan esa investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri o‘rinbosari Shohrux G‘ulomov imzo qo‘ydi. Marosimda investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri hamda O‘zbekistonning OIIBdagi boshqaruvchisi Laziz Qudratov ham ishtirok etdi.
Yangilangan ko‘p yillik investitsiya dasturi tomonlarning kelgusi yillardagi hamkorlik ustuvor yo‘nalishlarini belgilaydi. Unga ko‘ra, bank 2026–2029-yillarda O‘zbekistondagi infratuzilma loyihalarini jami 5 mlrd dollargacha moliyalashtirishi mumkin. Bu mablag‘lar transport, energetika, suv ta’minoti va boshqa muhim sohalarga yo‘naltirilishi kutilmoqda.
“OIIBning ta’sischi a’zolaridan biri sifatida O‘zbekiston har doim ishonchli va mustahkam hamkor bo‘lib kelgan. Mamlakatning investitsiya loyihalari ro‘yxati milliy ustuvor yo‘nalishlarni aniq aks ettiradi. Yangilangan dastur 2029-yilgacha bo‘lgan hamkorligimiz yo‘nalishini belgilaydi”, — dedi Konstantin Limitovskiy. Laziz Qudratovning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston OIIBning mintaqadagi eng yirik hamkori hisoblanadi. “Yangilangan dastur orqali hamkorligimizni yanada mustahkamlash, ko‘proq xususiy investorlarni jalb qilish va umumiy rejalarimizni aniq loyihalarga tezroq aylantirishga umid qilamiz”, — dedi vazir.
Bundan tashqari, tomonlar OIIBning Loyihalarni tayyorlash maxsus jamg‘armasidan 1,5 mln dollarlik grant ajratish to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi. Mablag‘lar “O‘zbekiston elektr uzatish tizimi barqarorligini oshirish” loyihasini tayyorlashga yo‘naltiriladi. Ular texnik tadqiqotlar va bo‘lajak investitsiya loyihasiga asos bo‘ladigan boshqa dastlabki ishlar uchun sarflanadi.
Loyiha elektr tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik quvvatini oshirish, ishonchliligini kuchaytirish va iqlim xatarlariga bardoshliligini ta’minlash, shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya obyektlarini tarmoqqa ulash imkoniyatlarini kengaytirishni nazarda tutadi. Tayyorgarlik bosqichida texnik yechimlar aniqlashtirilib, zarur investitsiyalar hajmi va iqlim xatarlari baholanadi. Elektr tarmoqlarining ustuvor uchastkalariga, jumladan, Surxondaryo va Samarqand viloyatlarini bog‘lovchi janubiy yo‘lak hamda Farg‘ona vodiysiga alohida e’tibor qaratiladi. Tarmoqlarning eng zaif uchastkalarini bartaraf etish va qayta tiklanuvchi manbalardan ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasi hajmi ortib borishini ta’minlash bo‘yicha yechimlar ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
2030-yilgacha O‘zbekiston elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini taxminan 30 foizdan 54 foizga yetkazishni rejalashtirmoqda. Buning uchun elektr tarmoqlari infratuzilmasini modernizatsiya qilish va kengaytirish talab etiladi. Yangi investitsiya dasturi aynan shu maqsadlarga xizmat qiladi.
Source: www.gazeta.uz