Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Shavkat Mirziyoyev 29-sentabr kuni shaxmat va parashaxmat bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoalari a’zolari, ularning yaqinlari hamda murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Davlat rahbari matbuot xizmatining xabar berishicha, uchrashuv iliq va tantanali ruhda o‘tgan.

Prezident erkaklar asosiy milliy jamoasini Samarqanddagi 46-Butunjahon shaxmat Olimpiadasidagi g‘alabasi hamda ikki karra olimpiya chempioni unvoniga sazovor bo‘lgani bilan tabrikladi. O‘zbekiston mazkur musobaqalarda oltita jamoa — uchta erkaklar va uchta ayollar jamoasi bilan qatnashdi. Asosiy ayollar milliy jamoasi 13-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, FIDEning 3-Parashaxmat Olimpiadasida O‘zbekiston milliy jamoasi ilk bor bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Prezident chempionlar — Javohir Sindarov, Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yoqubboyev, Muhiddin Madaminov va Shamsiddin Vohidov Volkswagen Teramont Pro avtomobillari hamda kottejlar bilan mukofotlanishini ma’lum qildi. Volkswagen Passat Pro avtomobillari va uy-joylar, shuningdek, parashaxmatchilar Ahadxon Kimsanboyev, Marsel Shayusupov, Sirojiddin Zaynidinov, Sardorbek Mamarajabov va Selbi Kakishovaga ham topshirildi. “Mashina ham kerak, lekin kelajak kelinlar uchun uy ham kerak”, — deya hazillashdi prezident.

Asosiy jamoa bosh murabbiyi Rustam Qosimjonov va paralimpiya jamoasi bosh murabbiyi Samandar Shermuhamedov ham avtomobillar bilan taqdirlandi. Bundan tashqari, Olimpiada chempionlarining har biriga 200 ming dollardan, ularning murabbiylariga esa 50 ming dollardan berildi. Parashaxmat bo‘yicha jamoa a’zolarining har biriga 50 ming dollar, murabbiylariga 12,5 ming dollardan ajratildi. Avvalroq Gazeta alohida farmon bilan g‘olib va sovrindorlarga, shuningdek, murabbiylarga faxriy unvonlar, orden va medallar berilgani haqida yozgandi.

“Bu natijalar tasodifiy emas. Bu — maktab, bu — tizim, bu — o‘zbek shaxmatining yangi darajasi”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev. Davlat rahbari navbatdagi maqsadni belgilab berdi: O‘zbekistonni nafaqat olimpiya chempioni, balki jahon shaxmat markaziga aylantirish. U har bir hudud, tuman va mahallada iqtidorli bolalarni erta aniqlash, ularga kuchli ustozlarni biriktirish hamda xalqaro musobaqalarda muntazam ishtirok etishlari uchun sharoit yaratish vazifasini qo‘ydi. Xotin-qizlar shaxmati va parashaxmatni rivojlantirish bo‘yicha alohida tizim yaratiladi.

Samarqand, Xorazm va Farg‘onada Toshkent xalqaro shaxmat akademiyasining hududiy filiallari ochiladi. Akademiyada oliy toifali murabbiylarni tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi. FIDE reytingida 1500 dan ortiq ball to‘plagan shaxmatchilarning xususiy klublarda ta’lim olish xarajatlarining yarmini davlat qoplaydi. Bundan tashqari, muntazam ravishda Uzbekistan Grand Chess milliy brendi ostida xalqaro turnirlar o‘tkazib boriladi. Prezident “Yangi Toshkent”da 500 o‘rinli o‘yin zali, turar joy binosi va sport maydonchalariga ega zamonaviy shaxmat saroyini barpo etishni taklif qildi.

Source: www.gazeta.uz