Toshkent shahri Shayxontohur tumanida fuqarolarni onlayn firibgarlik yo‘li bilan aldab, ularning mablag‘larini o‘zlashtirib kelgan noqonuniy koll-markaz faoliyatiga chek qo‘yildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 110 dan ortiq fuqaroning 300 million so‘mdan ziyod mablag‘i o‘zlashtirilgan. Bu haqda Toshkent viloyati IIBB xabar berdi.
IIBB Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbiri davomida Shayxontohur tumanidagi ko‘p qavatli uyning 4-qavatida joylashgan noqonuniy koll-markaz — “kiberbunker” aniqlangan. Tergovga qadar tekshiruv davomida markazda Farg‘ona viloyatida yashovchi, 2005-yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan D.X. va uning sheriklari faoliyat yuritgani ma’lum bo‘ldi.
Ular fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilib, o‘zlarini go‘yoki Uzum Market savdo ilovasi vakili sifatida tanishtirgan. Fuqarolarga ular “kompaniya aksiyasi” g‘olibi bo‘lgani haqida yolg‘on ma’lumot berilgan. Firibgarlar sovg‘a uchun to‘lov, shuningdek, fuqaroga ajratilgan kredit yoki mikrozaym limiti hisobidan mablag‘ni vaqtincha “ALVION”, “MEGA TECNO” va “MEGA SHOP” YATTlariga o‘tkazishni so‘ragan. Evaziga “kompaniya aksiyasi”da yutib olingan maishiy texnikalar yetkazib berilishini va’da qilgan.
Guruh a’zolari savdo platformasida o‘zlarini mahsulot yetkazib beruvchi sifatida ham ro‘yxatdan o‘tkazgan. Mahsulotni yetkazib berishni talab qilgan yoki “ustingizdan shikoyat qilaman” deya norozilik bildirgan ayrim xaridorlarga esa ataylab juda arzon, sifati past yoki buyurtmaga umuman mos kelmaydigan mahsulotlar yuborilgan. Shu tariqa jabrlanuvchilarning e’tibori chalg‘itilib, ularga ajratilgan kredit yoki mikrozaym limitlarini to‘liq o‘zlashtirishga erishilgan. Mablag‘ o‘tkazilganidan so‘ng esa ko‘p hollarda jabrlanuvchilar bilan aloqa uzilgan.
Tekshiruvlar davomida “ALVION”, “MEGA TECNO” va “MEGA SHOP” YATTlari orqali Shayxontohur tumanida tashkil etilgan “kiberbunker”da 5 nafar operator ishlagani aniqlangan. Ular ijtimoiy tarmoqlardagi soxta onlayn-do‘konlar nomidan yuzlab fuqarolarga qo‘ng‘iroq qilgan. Tezkor tadbir davomida 10 ta kompyuter jamlanmasi, 8 ta mobil telefon, 150 varaqdan iborat shaxsga doir ma’lumotlar va “UZUM NASIYA” ilovasidan ajratilgan limitlar jadvallari, shuningdek, 2 ta daftar ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Hozirda guruh a’zolarining mamlakatning boshqa hududlaridagi firibgarlik holatlariga aloqadorligi, shuningdek, fuqarolarga yetkazilgan moddiy zarar miqdorini aniqlash va uni qoplash bo‘yicha dastlabki tergov hamda tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilmoqda. Toshkent viloyati IIBB “ALVION”, “MEGA TECNO” va “MEGA SHOP” YATTlari faoliyati bilan bog‘liq firibgarlikdan jabrlangan fuqarolarni +998 71 762−21−35, +998 71 762−20−24, +998 71 762−20−25 raqamlari orqali yoki yaqin hududdagi ichki ishlar organiga murojaat qilishga chaqirdi.
Avvalroq Toshkentda xorijliklarni kriptovalyuta va investitsiya loyihalari orqali aldab kelgan ikki noqonuniy koll-markaz fosh etilgan edi. Ularda jami 131 kishi, jumladan 8 nafar xorij fuqarosi faoliyat yuritgan.
Source: www.gazeta.uz