Joriy hafta davomida O‘zbekiston hududida asosan quruq va iliq ob-havo hukm surishi, shuningdek, havo haroratining bosqichma-bosqich ko‘tarilib borishi kutilmoqda. Sinoptiklarning ma’lumotlariga ko‘ra, mamlakatning aksariyat hududlarida kuz fasliga xos iliq va sokin kunlar davom etadi.
Bugun, haftaning boshida respublikaning katta qismida yog‘ingarchilik kutilmaydi, kunduzgi havo harorati 15–20 daraja iliq atrofida bo‘ladi. Biroq Farg‘ona vodiysi viloyatlarida, shuningdek, tog‘oldi va tog‘li hududlarda qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Mutaxassislar tog‘li hududlarda sel va suv toshqini xavfi borligidan, baland tog‘larda esa yomg‘ir qorga aylanishi ehtimolidan ogohlantirmoqda.
Seshanbadan payshanbagacha bo‘lgan davrda (6–9-oktyabr) mamlakat bo‘ylab yog‘ingarchilik asosan kutilmaydi. Harorat ko‘rsatkichlari sezilarli darajada o‘zgarib boradi: agar 6-oktyabrga o‘tar kechasi havo 5–10 daraja, shimoliy hududlarda 2–7 daraja iliq bo‘lsa, 7–9-oktyabr kunlariga kelib tungi harorat 10–15 darajagacha, kunduzgi harorat esa 20–25 darajagacha isiydi. Faqat 8–9-oktyabr kunlari Farg‘ona viloyatining tog‘li joylarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Hafta mobaynida respublika bo‘ylab sharqiy yo‘nalishdagi shamol sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi, bugun Farg‘ona vodiysining ayrim tumanlarida shamol tezligi sekundiga 13–18 metrgacha kuchayishi kutilmoqda.
Toshkent shahrida esa ushbu haftada yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Bugun va 6-oktyabr kuni kunduzi poytaxtda havo 17–20 daraja bo‘lsa, 7–9-oktyabr kunlari havo harorati 22–25 darajagacha isiydi. Tungi harorat ham mos ravishda 7–10 darajadan hafta oxiriga kelib 12–15 darajagacha ko‘tariladi.
Source: podrobno.uz