Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan poytaxt Toshkent shahrida o‘tkazilgan «sirli mijoz» nazorat tadbirlari davomida qator dorixonalarda dori vositalarining narxlari asossiz ravishda oshirib sotilayotgani aniqlandi. Tekshiruvlar natijasida ayrim preparatlar belgilangan cheklangan savdo ustamalaridan bir necha barobar, hatto 6 barobargacha qimmat narxlarda aholiga realizatsiya qilinayotgani ma’lum bo‘ldi.
Nazorat tadbirlari yakunida iste’molchilar huquqlarini qo‘pol tarzda buzgan dorixonalar ro‘yxati e’lon qilindi. Ular qatorida «Shunqorlar» MChJ, Qoraqamish 2/5-mavzesida joylashgan «Muno farm» MChJ, shuningdek «City farm», «Hosil farm», «Amir farm trade», «Feruza nur med», «Leader pharmagroup» XK, «Pharm s golden» hamda «Ruslan buyuk farm» kabi dorixona tarmoqlari va shoxobchalari qayd etilgan. Ushbu maskanlarda dori-darmonlar narxini sun’iy shishirish holatlari bevosita qayd etilgan.
O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, dori vositalari va tibbiy buyumlarni ulgurji hamda chakana sotishda qat’iy belgilangan cheklangan savdo ustamalari (ulgurji savdo uchun 15 foizdan, chakana savdo uchun 20 foizdan oshmagan miqdorda) qo‘llanilishi shart. Narxlarni asossiz ko‘tarish nafaqat aholining ijtimoiy himoyasiga putur yetkazadi, balki farmatsevtika sohasidagi qonunchilik talablarini qo‘pol ravishda buzish hisoblanadi.
Aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan mazkur dorixonalarga nisbatan belgilangan tartibda majburiy ko‘rsatmalar berildi. Bundan tashqari, ushbu subyektlarning litsenziya talablari va shartlariga qanchalik rioya etayotganini qayta ko‘rib chiqish hamda qat’iy choralar ko‘rish maqsadida vakolatli litsenziyalovchi organga rasmiy so‘rov va tegishli hujjatlar yuborildi.
Source: www.gazeta.uz