O‘zgidromet xizmati agentligining ma’lum qilishicha, dushanba kuni O‘zbekiston hududining katta qismida yog‘ingarchiliksiz va salqin ob-havo bo‘lishi kutilmoqda. Faqat Farg‘ona vodiysi viloyatlarida vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ishi prognoz qilinmoqda. Kunduzgi harorat respublika bo‘yicha asosan +15…+20 daraja atrofida bo‘ladi.
Seshanbadan jumagacha butun mamlakat hududida yog‘ingarchilik kutilmaydi va harorat asta-sekin ko‘tarila boshlaydi. 6-oktabr kuni tungi harorat +5…+10 darajani, shimoliy hududlarda +2…+7 darajani tashkil etsa, kunduzi havo +15…+20 darajagacha isiydi. 7–9-oktabr kunlari esa iliqlashuv yanada sezilarli bo‘lib, tunda harorat +10…+15, kunduzi esa +20…+25 darajagacha yetadi. Shamol sharqdan sekundiga 7–12 metr tezlikda esadi, vodiy hududlarida esa dushanba kuni ba'zi joylarda 13–18 m/s gacha kuchayishi mumkin.
Respublikaning tog‘oldi va tog‘li hududlarida 5-oktabr kuni vaqti-vaqti bilan yomg‘ir yog‘ib, sel-suv toshqin hodisalari yuzaga kelishi ehtimoli mavjud. Baland tog‘lik joylarda yomg‘ir qorga aylanishi kutilmoqda. 6–9-oktabr kunlari tog‘larda asosan yog‘ingarchilik kuzatilmaydi, faqat Farg‘ona viloyatining tog‘larida 8–9-oktabr sanasida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.
Poytaxt Toshkent shahrida hafta davomida quruq va asosan ochiq ob-havo saqlanib qoladi. Dushanba va seshanba kunlari poytaxtda kunduzgi havo harorati +17…+20 daraja bo‘lsa, 7–9-oktabrga kelib termometr ko‘rsatkichlari +22…+25 darajagacha ko‘tariladi. Tungi harorat haftaning dastlabki kunlarida +7…+10 daraja, haftaning ikkinchi yarmida esa +12…+15 darajagacha iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Source: uznews.uz