Toshkent shahrida ekologik nazoratni kuchaytirish va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida davlat oʻrmon fondiga kirmaydigan daraxtlar hamda butalarni toʻliq xatlovdan oʻtkazish jarayoni boshlanishi rejalashtirilmoqda. Poytaxt hokimining tegishli qaroriga muvofiq amalga oshiriladigan mazkur tadbir shahar huduidagi yashil hududlarning haqiqiy holatini oʻrganishga qaratilgan.
Qabul qilingan hujjatga asosan, xatlov jarayonida har bir daraxtning turi, soni, yoshi, geografik joylashuvi, umumiy holati va boshqa muhim parametrlari aniq hisobga olinadi. Xususan, tabiiy omillar yoki turli zararkunandalar taʼsirida kasallangan, zararlangan hamda butunlay qurib qolgan oʻsimliklarni aniqlashga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, mutaxassislar fikricha, insonlarning hayoti, sogʻligʻi hamda yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki xavfsizligiga bevosita tahdid solayotgan xavfli daraxtlar ham maxsus roʻyxatga kiritiladi. Ushbu vazifalarni muvofiqlashtirish va yagona reyestrni shakllantirish uchun maxsus shahar ishchi guruhi tuzilishi belgilab qoʻyilgan.
Oʻtkazilgan xatlov natijalariga koʻra xavfli deb topilgan va yoʻq qilinishi lozim boʻlgan daraxtlar qonunchilikda belgilangan tartibda va tegishli ruxsatnomalar olingan holdagina kesib tashlanishi taʼminlanadi. Bu esa oʻzboshimchalik bilan daraxt kesish holatlarining oldini olishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Source: kun.uz