Yevropa Ittifoqiga kiruvchi Sloveniya davlatidan tashrif buyurgan ish beruvchilar o'zbekistonlik fuqarolar uchun turli yo'nalishlar bo'yicha bo'sh ish o'rinlarini taklif qilmoqda. 12-14-oktabr kunlari Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida nomzodlar bilan yuzma-yuz uchrashuvlar, maxsus vorkshoplar hamda to'g'ridan-to'g'ri ishga tanlovlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Ma'lum qilinishicha, mahalliy fuqarolar uchun og'ir yuk avtomobili va xalqaro yuk tashish haydovchilari, yo'lovchi tashish haydovchilari, yuk avtomobillari mexaniklari, qurilish ishchilari va ustalari kabi qator mutaxassisliklar bo'yicha imkoniyatlar mavjud. Shuningdek, og'ir texnika operatorlari, ishlab chiqarish uskunalari operatorlari, elektriklar, o'rmon xo'jaligi xodimlari, parvarishlash xodimlari hamda ma'muriyat va savdo sohalari mutaxassislari ham talabgorlar qatorida ko'rsatilgan.
Taklif etilayotgan oylik maoshlar miqdori soliq ushlanmalarigacha (brutto) 1 277 yevrodan 3 800 yevrogacha tashkil etishi aytilmoqda. Biroq, aniq summatlar va soliqlar vakansiyaning o'ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda farq qilishi mumkin. Ish beruvchilar viza va ishlash uchun ruxsatnoma xarajatlari, tibbiy sug'urta, aeroportdan transfer va turar joy masalalarini o'z zimmasiga olgani ma'lum qilindi. Ayrim yo'nalishlarda esa aviachipta va ovqatlanish xarajatlari ham qoplanishi ehtimoli bor.
Shunga qaramay, nomzodlarga qo'yiladigan talablar ham yetarlicha qat'iy ekani ta'kidlanmoqda. Xususan, talabgorlardan tegishli kasbiy malaka, yetarli ish tajribasi, xorijga chiqish pasporti, ba'zi yo'nalishlar uchun esa ingliz tilini bilish va maxsus sertifikatlar talab etiladi. Tanlovlar 12-oktabrda Buxoroda, 13-oktabrda Samarqandda va 14-oktabrda Toshkentda bo'lib o'tadi.
Source: kun.uz