Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xalqaro qizlar kuni munosabati bilan o‘tkazilgan maxsus suhbatda Toshkentdagi Sky Chess shaxmat maktabi direktori, taniqli grossmeysterlar Nafisa Mo‘minova va Gulruhbegim Tohirjonovaning otasi Alisher Mo‘minov farzandlarni mustaqil hayotga tayyorlash, qizlarning ta'lim olishi va ota-onaning mas'uliyati haqida o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ota-onaning eng asosiy vazifasi farzandni mustaqil fikrlaydigan, o‘z yo‘lini o‘zi tanlaydigan shaxs qilib voyaga yetkazishdir.

Suhbat davomida Alisher Mo‘minov yoshligida ilm yo‘lidan qanday qilib adolatsizliklar tufayli qaytgani va savdo-sotiq orqali topgan mablag‘larini farzandlarining ta'limiga tikkani haqida esladi. U jamiyatda qiz bolaga sarflangan mablag‘ boshqa oilaga ketadi, degan eskirgan qarashlarga qarshi chiqqanini va barcha farzandlariga bir xil imkoniyat yaratganini ta'kidladi. Qarindoshlari va yaqinlarining e'tirozlariga qaramay, u qizlarini hamshiradek emas, balki chuqur ilm egasi va kuchli shaxmatchi sifatida tarbiyalashga erishdi.

Qishloq sharoitida yaxshi o‘qituvchilar topish qiyin bo‘lgan davrlarda ota o‘z uyida maxsus sharoit yaratib, bolalarga chet tillari, musiqa va aniq fanlardan saboq bergan. Shaxmat o‘yini esa qizlarning hayotida tasodifan, biroq ulkan muvaffaqiyatlar bilan boshlangan. Bugungi kunda uning farzlari O‘zbekiston shaxmatining rivojiga ulkan hissa qo‘shib kelmoqda: Hulkar Tohirjonova Markaziy Osiyo shaxmat federatsiyasini boshqarsa, Nafisa Mo‘minova O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini bajarmoqda.

O‘g‘il farzandining taqdiriga ham alohida to‘xtalib o‘tgan Alisher Mo‘minov uning AQShdagi nufuzli universitetni tamomlab, yuqori marralarga erishganidan faxrlanishini bildirdi. U farzandlarining hayotini o‘zining shaxsiy orzulariga bog‘lab qo‘ymagani, ularga doimo ishonch bildirib, o‘z qarorlarini qabul qilishlariga imkon bergani eng to‘g‘ri yo‘l bo‘lganini ta'kidladi. Tarbiyada asosiy tamoyil ishonch va ochiq muloqot ekanligini qayd etgan ota, qizlari bilan do‘stona munosabatda ekanini mamnuniyat bilan esga oldi.

Source: www.gazeta.uz