Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston Transport vazirligi tomonidan fuqaro aviatsiyasi xavfsizligini ta’minlash va qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirish maqsadida yangi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Mazkur tashabbus Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini muhokama qilish portaliga joylashtirilib, jamoatchilik muhokamasiga taqdim etildi. Hujjat Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga bir qator muhim o‘zgarishlar kiritishni, jumladan, aviatsiya sohasidagi huquqbuzarliklar ro‘yxatini kengaytirish va mas’uliyatni kuchaytirishni nazarda tutadi.

Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, havo kemasi komandirining yoki uning topshirig‘i bilan ekipaj a’zolarining bortdagi yurish-turish qoidalariga rioya qilish haqidagi ko‘rsatmalarini bajarmagan yo‘lovchilarga nisbatan jarimalar miqdori aniqlashtirilmoqda. Unga muvofiq, bunday qoidabuzarlik uchun 5 bazaviy hisoblash miqdoridan (BHM) 10 BHMkacha jarima solinishi belgilanyapti. Agar shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin bir yil ichida takror sodir etilsa, jarima miqdori 15 BHMdan 20 BHMga qadar oshirilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, amaldagi kodeksda mavjud bo‘lgan bortda suratga olish va radioaloqa vositalaridan foydalanishni cheklovchi hamda eski texnologiyalarga asoslangan ayrim normalar amaliyotdan chiqarib tashlanmoqda.

Shu bilan birге, qonun loyihasi Transport vazirligi huzuridagi Fuqaro aviatsiyasi agentligining vakolatlarini sezilarli darajada kengaytiradi. Xususan, agentlikning yozma ko‘rsatmalarini bajarmaslik uchun alohida ma’muriy javobgarlik kiritilib, fuqarolar va mansabdor shaxslarga nisbatan yirik miqdordagi jarimalar belgilanmoqda. Agentlik endilikda fuqaro aviatsiyasi sohasidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha ishlarni ko‘rib chiquvchi yagona vakolatli organga aylanadi. Ushbu chora-tadbirlar Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (IKAO) tavsiyalarini bajarish hamda parvozlar xavfsizligi darajasini yanada oshirish maqsadida amalga oshirilayotgani ta'kidlanmoqda.

Source: www.gazeta.uz