O‘zbekiston hukumati tomonidan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish va sotishdan yuqori daromad oluvchi dehqon hamda tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi tartib tasdiqlandi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, 2027-yildan boshlab budjetga to‘langan yer solig‘ining 90 foizini qaytarib berish mexanizmi joriy etilishi belgilandi.
Ushbu jarayonni shaffof va adolatli amalga oshirish maqsadida maxsus raqamli platformalar ishga tushiriladi. Xususan, yer egalari o‘zlarining ekin maydonlari, mahsulot turlari va ularni sotishdan olingan daromadlari haqidagi ma’lumotlarni “Onlayn mahalla” platformasiga kiritib borishlari talab etiladi. Shuningdek, soliqni qaytarish miqdorini aniqlashda “UzexAgro” elektron savdo maydonchasidagi o‘rtacha narxlar ko‘rsatkichlaridan foydalaniladi.
Yangi tartibga ko‘ra, yer egasining bir sotix yerdan olgan daromadi bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan yuqori bo‘lishi asosiy shartlardan biri etib belgilandi. Agar yer maydonidan hujjatlarsiz yoki belgilangan hajmdan ortiqcha foydalanilgan holatlar aniqlansa, soliqni qaytarishni hisoblashda mazkur tafovutlar ham inobatga olinishi nazarda tutilgan.
Soliqning bir qismini qaytarish jarayoni bir necha bosqichdan iborat bo‘lib, avtomatlashtirilgan tizimlar orqali amalga oshiriladi. Ma’lumotlar tekshirilgandan so‘ng, G‘aznachilik va vakolatli banklar orqali mablag‘lar fuqarolarning bank kartalariga o‘tkazib beriladi. Agar taqdim etilgan ma’lumotlar talablarga javob bermasa, to‘lov rad etilishi va bu bo‘yicha qonuniy tartibda shikoyat qilish huquqi saqlanishi ko‘rsatib o‘tildi.
Ma’lum qilinishicha, ushbu tajriba-sinov tariqasida dastlab 2027-yilda Namangan viloyatida amaliyotga tatbiq etiladi. Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi natijalarni o‘rganib chiqib, 2028-yil 1-fevralga qadar tizimni butun respublika bo‘ylab joriy etish yuzasidan hukumatga taklif kiritishi shartligi belgilandi.
Source: www.gazeta.uz