Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda alkogolsiz ichimliklar boʻyicha yangi qoidalar joriy etilishi kutilmoqda. Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan va jamoatchilik muhokamasiga taqdim etilgan hukumat qarori loyihasiga koʻra, 2027-yil 1-yanvardan boshlab tarkibida shakar miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlarni maxsus rangli ogohlantiruvchi yozuvlar bilan tamgʻalash tartibi majburiy qilib belgilanadi. Ushbu tashabbus aholi salomatligini muhofaza qilish hamda fuqarolarni isteʼmol qilinayotgan mahsulotlarning tarkibi haqida oʻz vaqtida xabardor qilish maqsadida ilgari surilmoqda.

Yangi loyihaga muvofiq, har 100 millilitr alkogolsiz ichimlik tarkibidagi umumiy shakar miqdoridan kelib chiqqan holda uch xil toifadagi ogohlantiruvchi yozuvlar qoʻllanilishi koʻzda tutilgan. Xususan, 5 grammdan 8 grammgacha shakar boʻlgan mahsulotlar sariq fonda qora rangdagi “OʻRTACHA SHAKAR MIQDORI” yozuvi bilan, 8 grammdan 11 grammgacha boʻlganlari esa toʻq sariq fonda qora rangdagi “SHAKAR MIQDORI YUQORI” yozuvi bilan taʼminlanadi. Tarkibida 11 gramm va undan ortiq shakar saqlagan ichimliklarga esa qizil fonda oq rangda “JUDA YUQORI SHAKAR MIQDORI - TEZ-TEZ ISTEʼMOL QILISH SALOMATLIKKA ZARAR” degan keskin ogohlantirish tushirilishi shart boʻladi.

Belgilanayotgan talablarga koʻra, mazkur ogohlantiruvchi yozuvlar qadoqning old qismida joylashishi va uning umumiy yuzasining kamida 15 foizini egallashi lozim. Shuningdek, yozuvlar isteʼmolchi tomonidan bir qarashda yaqqol koʻrinadigan kontrast ranglarda bajarilishi talab etiladi. Qoʻshimcha ravishda, har bir mahsulot qadogʻida uning tarkibi, kaloriyasi va tavsiya etilgan kunlik isteʼmol meʼyori haqidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olgan maxsus QR-kod boʻlishi shart.

Mazkur qaror loyihasining ijrosini taʼminlash maqsadida masʼul idoralarga ham qator vazifalar yuklatilmoqda. Jumladan, Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasiga 2027-yil 1-martga qadar alkogolsiz ichimliklarni laboratoriya tahlilidan oʻtkazish boʻyicha yagona metodikani tasdiqlash vazifasi qoʻyilgan. Shuningdek, 2027-yil 1-sentabrga qadar ushbu metodika asosida tegishli laboratoriyalarni akkreditatsiyadan oʻtkazish ishlari yakunlanishi rejalashtirilgan.

Source: kun.uz