O'zbekiston Madaniy meros agentligining rasmiy delegatsiyasi qo'shni Afg'oniston hududiga amaliy tashrif buyurdi. Mazkur safar mintaqaning umumiy tarixi va madaniyatiga daxldor bo'lgan qadimiy me'moriy yodgorliklarning bugungi kundagi holatini yaqindan baholash hamda ularni saqlab qolish yo'llarini muhokama qilishga qaratildi.
Ishchi tashrif joriy yilning 7-11 oktyabr kunlari tashkil etilib, unga Madaniy meros agentligi direktorining o'rinbosari Azizdjon Aripdjanov boshchilik qildi. Safar davomida o'zbekistonlik mutaxassislar Balx, Tahar, Sari-Pul va Faryob viloyatlarida joylashgan bir qator muhim tarixiy obektlarni ko'zdan kechirib, ularning holati bo'yicha zarur ma'lumotlarni to'plashdi.
Mutaxassislar e'tiborini tortgan maskanlar orasida Mozori-Sharifdagi Ravzai-Muborak maqbarasi, Tahar viloyatidagi Boborahim Mashrab ziyoratgohi, Sari-Pul shahridagi qadimiy g'ishtli ko'prik, shuningdek, Faryob viloyatidagi Xisht-Pul va Idgoh masjidlari, Imomzoda Yahyo maqbarasi hamda Bobo Vali Jon madrasasi bor. Shuningdek, delegatsiya Alisher Navoiy mablag'lari evaziga barpo etilgan Bobo Vali suv havzasini ham ziyorat qildi.
Muzokaralar chog'ida afgon tomoni O'zbekistonning tarixiy binolarni restavratsiya qilish borasidagi boy tajribasiga alohida e'tibor qaratdi. Tomonlar madaniy merosni kelgusi avlodlarga yetkazish uchun o'zbekistonlik mutaxassislarni jalb etish masalasini muhokama qildilar. Yaqin kelajakda O'zbekiston Madaniy meros agentligi va Afg'oniston Axborot va madaniyat vazirligi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumini imzolash rejalashtirilgan.
Source: podrobno.uz