Namangan viloyatida yer maydonlarini noqonuniy yo'llar bilan sotishga urinish holati aniqlindi, deb xabar bermoqda Bosh prokuratura huzuridagi departament. Ma'lum qilinishicha, o'tkazilgan tezkor tadbir davomida mas'ul idora xodimi va yana bir fuqaro yirik miqdordagi pul mablag'ini olayotgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo'lga olingan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari hamkorligida o'tkazilgan tezkor tadbirda Norin-Sirdaryo irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi xodimi X.D. va fuqaro B.A. o'zaro jinoiy til biriktirgani aniqlandi. Ular fuqaro M.E.ning ishonchiga kirib, Mingbuloq tumanidagi 40 sotix yer maydonini hech qanday auksion savdolarisiz uning nomiga rasmiylashtirib berishni va'da qilishgan.
Jinoyatchilar bu xizmat evaziga 11 500 AQSH dollari talab qilib, ushbu summani olayotgan vaqtda tezkor guruh tomonidan ushlangan. Ayni paytda mazkur holat yuzasidan mamlakat Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz