O‘zbekistonda aholi uchun suyultirilgan gazning chakana sotish narxini har bir kilogramm uchun 2000 so‘mdan 5000 so‘mgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan hukumat qarori loyihasida ma'lum qilindi. Shuningdek, LPG-Trade MCHJ va loyihada qatnashayotgan tadbirkorlar tomonidan yetkazib berish xizmati uchun qo‘shilgan qiymat solig‘i bilan har bir kilogrammga 1300 so‘mlik cheklangan narx belgilash ham ko‘zda tutilmoqda.
Hujjatda yangi tariflarni 2026-yil 1-oktabrdan yoki 1-noyabrdan joriy etish nazarda tutilgan bo‘lib, bu sana prezidentning sentabr oyidagi qaroriga ham mos keladi. Narxlarning oshishi fonida ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga xarid qilingan suyultirilgan gazning har bir kilogrammiga 3000 so‘mdan kompensatsiya berish taklif qilinmoqda. Biroq bu yordam oyiga ko‘pi bilan 20 kilogramm gaz uchun taqdim etilib, oylik kompensatsiyaning eng yuqori miqdori 60 ming so‘mni tashkil etishi belgilangan.
Hukumat ma'lumotlariga ko‘ra, amaldagi 2000 so‘mlik narx aholini o‘z vaqtida zarur hajmda gaz bilan ta'minlash imkonini bermayapti. Mamlakatda maishiy suyultirilgan gazdan foydalanuvchi 4 millionga yaqin iste'molchi mavjud bo‘lib, gaz ballonlarini yetkazib berish oralig‘i o‘rtacha 30–35 kunni, ayrim hududlarda esa bundan ham uzoq vaqtni tashkil etmoqda. Oqibatda ba'zi fuqarolar qo‘shimcha gazni bozor narxlarida — kilogrammi uchun 11 mingdan 13,5 ming so‘mgacha sotib olishga majbur bo‘lmoqda.
Tahlillarga ko‘ra, 2023–2026-yillarda suyultirilgan gaz resurslarining umumiy hajmi 68 foizga oshishi kutilayotgan bo‘lsa-da, ichki ishlab chiqarish 9 foizga kamayib, import hajmi qariyb 38 baravarga o‘smoqda. Hukumat 2023–2025-yillarda aholining maishiy ehtiyojlari uchun gazni subsidiyalashga yiliga o‘rtacha 5,4 trillion so‘m sarflaganini ta'kidlab, taklif etilayotgan 5000 so‘mlik narx ham to‘liq bozor narxi emasligini, xarajatlarning bir qismi budjetdan qoplanishini bildirdi.
Source: www.gazeta.uz