Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

O‘zbekiston rahbari uy xo‘jaliklarida tashkil etilgan issiqxonalarni modernizatsiya qilish va qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Ma’lum qilinishicha, mamlakatda qishloq xo‘jaligining ushbu sohasini rivojlantirish va aholi daromadlarini oshirish maqsadida keng ko‘lamli imtiyozlar tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda.

Xususan, 2030-yilga qadar issiqxona xo‘jaliklari uchun yer va mol-mulk soliqlarini 50 foizga kamaytirish, shuningdek, ularni aylanma solig‘idan ozod etish taklif etilmoqda. Bundan tashqari, energiyani tejovchi tizimlar tomonidan sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarining yarmini qoplab berish mexanizmi ham ko‘rib chiqilmoqda.

Shuningdek, Toshkent shahri va unga tutash hududlardagi xonadonlarga yashil energiya manbalarini joriy etish va samarali uskunalar o‘rnatish uchun 100 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda grantlar ajratilishi kutilmoqda. Yangi yashil issiqxonalarni qurish uchun 300 million so‘mgacha va mavjudlarini modernizatsiya qilish uchun 150 million so‘mgacha imtiyozli kreditlar taqdim etilishi ko‘zda tutilgan.

Mutasaddilarning ta’kidlashicha, issiqxona xo‘jaligiga ixtisoslashgan 50 ta mahallada ehtiyojmand oilalar uchun ekologik xavfsiz issiqxonalar barpo etiladi. Shuningdek, drenaj suvlarini tozalash va qayta ishlatish masalalari ham muhokama qilinib, Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida maxsus infratuzilmani yaratish rejalashtirilgan.

Source: uznews.uz