Sirdaryo viloyatining Guliston shahrida koʻp qavatli uylarning birida yashirin ravishda faoliyat yuritib kelgan narkolaboratoriya aniqlandi. Huquq-tartibot idoralari xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida kuchli taʼsir qiluvchi moddalarni qayta ishlab, ularni muomalaga kiritish bilan shugʻullangan shaxslarning qilmishiga chek qoʻyildi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur noqonuniy faoliyat Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida fosh etilgan. Tekshiruv davomida xonadondan umumiy ogʻirligi 5 kilogramm 863 gramm boʻlgan pregabalin kuchli taʼsir qiluvchi moddasi hamda 100 ming dona boʻsh kapsula ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar maʼlumotiga koʻra, ushbu jinoyatga 2003 va 2005-yillarda tugʻilgan uch nafar mahalliy fuqaro aloqador deb gumon qilinmoqda. Xolislar ishtirokida oʻtkazilgan tintuv vaqtida dori vositalaridan tashqari, ikkita elektron tarozi, tibbiy qoʻlqoplar va noqonuniy laboratoriya uchun zarur boʻlgan boshqa buyumlar ham topilib, rasmiylashtirib olindi.
Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan boʻlib, gumon qilinuvchi uch nafar shaxsga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi tanlandi. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda va ushbu jinoiy zanjirning boshqa ishtirokchilarini aniqlash ishlari olib borilmoqda.
Source: kun.uz