Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

“Avloniy”, “Abdulla Oripov” hamda “Maxtumquli Firogʻiy” kabi qator tarixiy kartinalar muallifi boʻlgan tanikli kinorejissyor Muzaffarxon Erkinov oʻzining navbatdagi yirik loyihasi — qadimiy qahramon Shiroq jasoratiga bagʻishlangan “Shiroq” tarixiy badiiy filmining suratga olish ishlarini muvaffaqiyatli yakunladi. Mazkur ijodiy ish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-iyundagi tegishli qarori ijrosi doirasida, mamlakat Madaniyat vazirligi huzuridagi Kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan amalga oshirilmoqda.

Filmning ishlab chiqarish jarayoni “RAMZ-FILM” kinostudiyasiga yuklatilgan boʻlib, hozirda ijodiy guruh tomonidan dastlabki sahna orti kadrlari (beksteyj) keng jamoatchilikka taqdim etildi. Kinoloyiha xalqimiz tarixida oʻchmas iz qoldirgan, Vatan ozodligi va el-ulus tinchligi yoʻlida oʻz jonini fido qilgan milliy qahramon Shiroqning mislsiz matonati haqida hikoya qiladi. Asar mazmuniga koʻra, bosh qahramon dushmanga qarshi faqatgina qurol kuchi bilan emas, balki chuqur aql-zakovat, harbiy hiyla va yuksak fidoyilik bilan kurash olib boradi.

Syujet chizigʻiga koʻra, Shiroq oʻzini oʻz qabiladoshlaridan jabr koʻrgan kishidek koʻrsatib, Ahamoniylar hukmdori Doroning ulkan qoʻshinini suvsiz choʻl sahrolari ichkarisiga boshlab kiradi. Oʻz hayotini qurbon qilish evaziga bosqinchilar lashkarini muqarrar halokatga mahkum etgan Shiroq ona yurtini yov bosqinidan saqlab qoladi. Mazkur rivoyat qadimgi yunon muallifi va harbiy tarixchisi Polienning “Strategemata” (“Harbiy hiylalar”) asarida qayd etilgan boʻlib, film ssenariysi aynan shu tarixiy manbalarga tayangan holda yozilgan.

Film ustida mamlakatimizning yetakchi ijodkorlaridan iborat katta jamoa mehnat qilmoqda. Jumladan, kartinaning ssenariy muallifi Nazar Eshonqulov, bosh rejissyori Muzaffarxon Erkinov, bosh operatori Ravshan Mirzakamalov, bosh rassomi Qahramon Matkarimov va bastakori Muinzoda hisoblanadi. Ijodkorlarning taʼkidlashicha, mazkur tarixiy asar yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, milliy gʻurur va ajdodlar xotirasiga ehtirom tuygʻularini singdirishga xizmat qiladi.

Source: kun.uz