Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan Toshkent shahrining Mirobod tumanida o‘ta yirik miqdordagi firibgarlik bilan shug‘ullangan yashirin jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Tergov ma'lumotlariga ko‘ra, mazkur jinoiy tarmoq a'zolari fuqarolarning jami 8 million dollarga yaqin mablag‘ini o‘zlashtirib, uni xorijga chiqarib yuborishga muvaffaq bo‘lgan.

Aniqlanishicha, 21 yoshdan 37 yoshgacha bo‘lgan besh nafar Toshkent shahri va viloyati aholisi noturar binoni ijaraga olib, zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan soxta koll-markaz tashkil etgan. Shuningdek, guruhning yana bir a'zosi alohida xonadonda GSM shlyuz qurilmalarini o‘rnatib, qo‘ng‘iroqlar uzluksizligini ta'minlab kelgan. Guruhga Toshkent viloyatida istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan 47 yoshli shaxs rahbarlik qilgani ma'lum bo‘ldi.

Eng e'tiborli jihati, jinoiy guruh tarkibida nufuzli tijorat banklaridan birining bosh ofisi kiberxavfsizlik bo‘limi xodimi ham bo‘lgan. Ular turli banklar nomidan fuqarolarga aloqaga chiqib, go‘yoki ularning nomiga noma'lum shaxslar tomonidan onlayn kredit rasmiylashtirilayotganini aytib aldashgan va plastik karta ma'lumotlarini qo‘lga kiritishgan.

Qalloblar qo‘lga kiritilgan mablag‘lar va fuqarolar nomiga rasmiylashtirilgan onlayn kreditlarni kriptovalyutaga almashtirib, soxta mas'uliyati cheklangan jamiyatlar orqali xorijiy davlatlarga o‘tkazib, legallashtirgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov davomida jinoiy aloqaga 10 nafar shaxsning daxldorligi aniqlangan.

Source: www.gazeta.uz