Mamlakatimizda biznes subyektlarini keng ko‘lamli ro‘yxatga olish jarayonlari rasman boshlandi va ushbu muhim tadbir joriy yilning 30-noyabriga qadar davom etishi rejalashtirilgan. Hukumatning tegishli 557-sonli qaroriga muvofiq, tadbirkorlik muhitini to‘liq qamrab olish va mavjud iqtisodiy salohiyatni aniq baholash bo‘yicha barchazarur chora-tadbirlar tasdiqlandi.
Mazkur jarayonlar doirasida barcha turdagi iqtisodiy birliklar, jumladan, yuridik shaxslar, yakka tartibdagi tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari, shuningdek, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va hatto rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan faoliyat yuritayotgan subyektlar ham to‘liq qamrab olinishi ko‘zda tutilgan. Bu esa mamlakat iqtisodiyotidagi mavjud real holatni yuzaga chiqarishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Tashkiliy masalalarga to‘xtaladigan bo‘lsak, yuridik shaxslar maxsus hisobot.stat.uz portali orqali, o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar esa census.stat.uz platformasi yordamida mustaqil ravishda ro‘yxatdan o‘tishlari talab etiladi. Mahallalarda esa bu ishga hokim yordamchilari jalb etilib, ular zamonaviy planshetlar yordamida ma'lumotlarni to‘playdilar. Hokim yordamchisi mavjud bo‘lmagan hududlarda esa bu vazifa “mahalla yettiligi” xodimlari zimmasiga yuklatilgan.
Jarayonda faol qatnashgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida, biriktirilgan hududdagi barcha iqtisodiy birliklar to‘liq qamrab olingach, Jahon banki ishtirokidagi loyiha mablag‘lari hisobidan bir martalik pul mukofotlari berilishi belgilandi. Shuningdek, davlat ulushi mavjud korxonalar o‘z tizimidagi barcha obyektlarning o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tishini ta'minlashi shartligi uqtirildi.
Ma'lumotlarni yig‘ish ishlari har kuni soat 09:00 dan 18:00 gacha amalga oshiriladi. Respondentlarning shaxsiy ma'lumotlari sir saqlanishi va faqat umumiy statistik maqsadlarda ishlatilishi kafolatlanmoqda. Fuqarolar uchun 1851 qisqa raqamli koll-markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yakuniy natijalar 2027-yilning 1-sentabriga qadar Milliy statistika qo‘mitasining rasmiy saytida e'lon qilinishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz