Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda jismoniy tarbiya va sport sohasini tartibga solish hamda shaffoflikni taʼminlash maqsadida sport inshootlari hamda nodavlat jismoniy tarbiya va sport tashkilotlari reyestrlarini yuritish boʻyicha qatʼiy tartib belgilandi. Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga muvofiq, endilikda maxsus reyestrga kiritilmagan sport inshootlarida rasmiy sport musobaqalarini oʻtkazish qatʼiyan taqiqlanadi.

Tasdiqlangan normativ-huquqiy hujjatlarga koʻra, nodavlat sport tashkilotlari reyestri maxsus axborot tizimi orqali yuritilishi koʻzda tutilgan. Bunda tashkilotlar haqidagi barcha asosiy maʼlumotlar jamoatchilik uchun ochiq tarzda eʼlon qilinib boriladi. Reyestrga kirish istagida boʻlgan subyektlar tomonidan taqdim etilgan arizalar vakolatli organlar tomonidan besh ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.

Agar taqdim etilgan hujjatlar va maʼlumotlar toʻliq boʻlsa, tashkilot reyestrga rasman kiritiladi. Biroq hujjatlarda biron-bir kamchilik aniqlangan taqdirda, uch ish kuni ichida uni rad etish boʻyicha qaror qabul qilinishi belgilangan. Shuningdek, reyestrdan chiqarish asoslari ham aniq belgilab qoʻyilgan boʻlib, jumladan, tashkilotning shtatida malakali trenerlar mavjud boʻlmasa yoki uch oy davomida sportchilar hamda murabbiylar haqidagi maʼlumotlar tizimga kiritilmasa, obyekt yoki tashkilot reyestrdan chetlatiladi.

Sport inshootlarini reyestrga kiritish jarayoni ham raqamlashtirilgan boʻlib, buning uchun inshootning mulkdori yoki balansda saqlovchisi maxsus axborot tizimi orqali murojaat qilishi talab etiladi. Agar inshootning faoliyat turi oʻzgarsa, foydalanishga yaroqsiz deb topilsa yoki mulkdorning oʻzi ariza bersa, obyekt reyestrdan chiqariladi. Yangi tartib sport tashkilotlari va ularning tarbiyalanuvchilariga kelgusida mamlakatimizda oʻtkaziladigan rasmiy musobaqalarda qonuniy ravishda ishtirok etish huquqini taqdim etadi.

Source: kun.uz