Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Samarqand va Sirdaryo viloyatlaridagi qator tibbiyot muassasalarida pulli xizmatlar narxlarini shakllantirish va qo‘llash jarayonida jiddiy moliyaviy qonunbuzilishlar aniqlandi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida fuqarolardan jami 1 milliard so‘mdan ortiq asossiz yoki ortiqcha mablag‘ olingani ma’lum bo‘ldi.
Xususan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida yettita tibbiyot muassasasining 2023−2026-yillardagi pulli xizmatlar narxlari tahlil qilinganda, soliq imtiyozlari mavjudligiga qaramay, foyda solig‘i xizmatlar tannarxiga asossiz ravishda kiritilgani aniqlandi. Shuningdek, ayrim xizmatlar narxlari belgilangan tariflardan yuqori belgilangani bois iste’molchilardan jami 331,7 million so‘m miqdorida daromad olingan. Ushbu holat yuzasidan oltita tibbiyot muassasasiga nisbatan tegishli ishlar qo‘zg‘atilib, mablag‘larni fuqarolarga qaytarish bo‘yicha majburiy ko‘rsatmalar berildi.
Shu bilan birga, Samarqand viloyatida ham Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining viloyat filialida narxlarni belgilashda qonun talablari buzilgani ma’lum bo‘ldi. Tekshiruv natijalariga ko‘ra, mazkur muassasa tomonidan iste’molchilarga 302,2 million so‘m ortiqcha hisoblangani aniqlanib, qonunbuzilishlarni bartaraf etish yuzasidan ko‘rsatma berildi.
Sirdaryo viloyatidagi ikkita tibbiyot muassasasida ham shunga o‘xshash holatlar qayd etilib, xizmatlar narxini shakllantirishda bilvosita xarajatlar koeffitsiyenti asossiz ravishda oshirib yuborilgani aniqlandi. Natijada yuzaga kelgan qonunbuzilishlar yuzasidan tegishli filialga nisbatan ishlar ochilib, ortiqcha undirilgan mablag‘larni qaytarish talab qilindi. Raqobat qo‘mitasi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga qaratilgan nazorat tadbirlari davom ettirilishini ma’lum qildi.
Source: www.gazeta.uz