O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligi (Davaktiv) ishlab turgan bolalar bog‘chalarining xususiylashtiriladigan obyektlar ro‘yxatiga kiritilishi yuzasidan yuzaga kelgan muhokamalarga munosabat bildirdi. Agentlik rahbari Sohibjon Murodovning matbuot anjumanida ma’lum qilishicha, Toshkent shahrining Yakkasaroy tumanidagi 58-sonli davlat bolalar bog‘chasi ham mazkur ro‘yxatga kiritilgan, biroq uning faoliyati hozircha to‘xtatilmagan.
Murodovning ta’kidlashicha, mazkur bog‘cha binosi juda eskirgan bo‘lib, hatto poydevorga ham ega emas. Shu bilan birga, yaqin atrofdagi mahallada budjet mablag‘lari hisobidan 720 o‘rinli yangi zamonaviy bog‘cha qurilayotgani, bolalar yangi muassasaga ko‘chirilgachgina eski obyekt o‘rnida xususiy bog‘cha qurish sharti bilan savdoga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyatidagi neft-gaz korxonasi balansida bo‘lgan bolalar bog‘chasi ham muhokamalar markazida bo‘ldi. Agentlik rahbarining so‘zlariga ko‘ra, bu obyekt allaqachon tadbirkorga ijara asosida berilgan bo‘lib, davlat korxonasi o‘ziga xos bo‘lmagan aktivni saqlashga mablag‘ sarflamoqda. Uni xususiylashtirishda ham aynan bolalar bog‘chasi vazifasini saqlab qolish sharti qo‘yiladi.
Mutaxassislar va OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Toshkent shahrining ko‘pgina tumanlarida maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasida pasayish kuzatilmoqda. Poytaxt hokimligi davlat muassasalari hududlarini xususiy loyihalar uchun berilishiga qarshi chiqayotgan bir paytda, hukumat 2030-yilgacha qamrov darajasini sezilarli darajada oshirishni maqsad qilgan.
Source: www.gazeta.uz