O‘zbekiston milliy valyutasi oxirgi to‘qqizta savdo sessiyasi davomida AQSh dollariga nisbatan izchil ravishda pasayib bormoqda. Mazkur qisqa davr mobaynida so‘m deyarli 2 foizga qadrsizlanishga ulgurdi va natijada dollarning rasmiy kursi o‘tgan yilning iyul oyi oxiridan beri eng yuqori ko‘rsatkichga qaytdi. Qolaversa, joriy yil boshidan buyon milliy valyuta erishgan barcha mustahkamlanish tendensiyalari to‘liq yo‘qqa chiqdi.
Xususan, 3-oktabrdan 16-oktabrgacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida milliy valyuta dollarga nisbatan 238,7 so‘mga arzonlashib, kurs 11 772,95 so‘mdan 12 011,65 so‘mgacha ko‘tarildi. “Mirkonomika” Telegram kanali muallifi va xalqaro savdo bo‘yicha mutaxassis Mirkomil Xolboyevning tahlillariga ko‘ra, bu jarayonga bir nechta tashqi va ichki omillar sabab bo‘lmoqda.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, asosiy global sabablardan biri bu AQSh dollarining jahon miqyosida sezilarli darajada mustahkamlanayotganidir. Oktyabr oyida aksariyat davlatlarning valyutalari AQSh regulyatori — Federal zaxira tizimining (FZT) pul-kredit siyosatini qat’iylashtirgani ortidan qadrsizlanmoqda. Xususan, tahlil qilingan 39 ta valyutaning 26 tasi dollarga nisbatan qiymatini yo‘qotgan bo‘lib, so‘m ularning orasida eng ko‘p pasish kuzatilganlaridan biri bo‘ldi.
Shuningdek, ekspert milliy valyuta kursiga ta’sir ko‘rsatayotgan uchta ehtimoliy ichki sababni sanab o‘tdi, garchi ularni tasdiqlash uchun hozircha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ma'lumotlar yetarli bo‘lmasa-da. Birinchidan, uchinchi chorak yakuniga ko‘ra hukumat yoki xususiy sektor tomonidan tashqi majburiyatlar bo‘yicha bir martalik to‘lovlar amalga oshirilgan bo‘lishi va bu valyuta bozorida qisqa muddatli talabni keskin oshirgan bo‘lishi mumkin.
Ikkinchidan, may oyidan beri kuzatilgan real kursning oshishi fonida Markaziy bank sterilizatsiya bo‘yicha intervensiyalarni kechiktirayotgan bo‘lishi ehtimoli bor. Qolaversa, joriy yilda oltin eksportining o‘tgan yilgiga nisbatan kamaygani regulyatorning valyuta orqali bozorga ta'sir o‘tkazish imkoniyatlarini cheklagan ko‘rinadi. Uchinchidan, yoz mavsumi tugashi bilan chet eldan keladigan pul o‘tkazmalarining mavsumiy ravishda pasayishi ham qo‘shimcha bosim o‘tkazmoqda.
Shu bilan birga, mutaxassis bu o‘zgarishlarni suzuvchi valyuta kursi rejimining tabiiy xususiyati sifatida baholab, hozircha so‘mning keskin va uzoq muddatli qadrsizlanishini kutish uchun asoslar yo‘qligini ta'kidladi. Mamlakatda eksport va investitsiyalar hajmi faol o‘sishda davom etmoqda, shuningdek, Markaziy bank kapital harakati hisobini bosqichma-bosqich liberallashtirish choralarini ko‘rmoqda.
Source: www.gazeta.uz