Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekistonda energetika sohasini rivojlantirish jarayonida yuzaga kelgan muammolar va tizimli kamchiliklar oqibatida elektr energiyasini boshqa hududlarga yetkazib berish xarajatlari sezilarli darajada oshgani maʼlum boʻldi. Avvalgi davrlarda investorlar tomonidan taklif etilgan hududlarda loyihalarning tartibsiz joylashtirilishi oqibatida ayrim tarmoqlarda quvvatlar haddan tashqari toʻplanib qolgan edi.

Bu haqda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyev yoqilgʻi-energetika tarmogʻidagi investorlar bilan ochiq muloqot chogʻida alohida taʼkidlab oʻtdi. Uning soʻzlariga koʻra, oʻtgan yillarda tarmoqqa sarmoya jalb qilish boʻyicha katta tajriba toʻplangan boʻlsa-da, endilikda hamkorlikning tubdan yangi bosqichiga oʻtish zarurati yuzaga kelgan, chunki har bir yangi investitsiya nafaqat quvvat yaratishi, balki tarmoqdagi yoʻqotishlarni kamaytirishi shart.

Rasmiy rejalarga koʻra, 2030-yilgacha mamlakatda 22 ming megavatt qoʻshimcha quvvat yaratish va ishlab chiqarish hajmini 129 milliard kilovatt-soatdan oshirish koʻzda tutilgan. Shuningdek, qayta tiklanuvchi energiya manbalarining ulushini 54 foizga yetkazish maqsad qilingan boʻlib, yangi bosqichdagi loyihalar qat'iy ravishda ochiq raqobat va shaffof qoidalar asosida amalga oshirilishi aytilmoqda.

Kelgusida qaysi hududda qanday quvvat yetishmasligi oldindan aniq rejalashtirilib, tayyor holdagi loyihalar ochiq tanlovlarga qoʻyilishi belgilandi. Tanlov doirasida yer maydoni, tarmoqqa ulanish nuqtalari, elektr energiyasini xarid qilish va toʻlov shartlari oldindan eʼlon qilinib, yaqin vaqt ichida umumiy quvvati 2,2 ming megavatt boʻlgan 6 ta stansiya savdoga chiqarilishi kutilmoqda.

Source: kun.uz