Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Markazlashgan issiqlik ta’minotiga ulangan ko‘p kvartirali uylar aholisi o‘z xonadonlarini umumiy isitish tizimidan mustaqil ravishda uzib, individual qozonlarga o‘tishi qat’iyan man etiladi. Bu haqda O‘zbekiston qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva ma’lum qilib, mazkur cheklov butun binoning muhandislik tarmoqlari barqaror ishlashini ta’minlash uchun zarurligini ta’kidladi.

Mutaxassisning tushuntirishicha, bunday qaror 2014-yil 5-iyuldagi 194-sonli Vazirlar Mahkamasi qaroriga asoslanadi. Ushbu me’yoriy hujjatga muvofiq, iste’molchilarga ko‘p kvartirali uylardagi alohida xonadonlarning isitish tizimini umumiy tarmoqdan uzish, jihozlarni demontaj qilish hamda uy ichidagi quvurlarni o‘zboshimchalik bilan o‘zgartirish qat’iyan taqiqlanadi.

Vazir o‘rinbosari aholi orasida isitish tarmoqlariga noqonuniy aralashish, jumladan, quvurlarni “iliq pol” tizimiga moslab o‘zgartirish yoki ularni balkonga chiqarish holatlari tez-tez uchrayotganini bildirdi. Bunday o‘zboshimchalik butun uy bo‘ylab issiqlik ta’minoti sifatining keskin yomonlashishiga va qo‘shni xonadonlar uchun jiddiy muammolarni keltirib chiqarishiga sabab bo‘lmoqda.

Shuningdek, hukumat yangi ko‘p kvartirali uylarni tabiiy gazga ulashni bosqichma-bosqich cheklab borayotgani eslatib o‘tildi. Hozirda individual isitish qozonlari o‘rniga elektr energiyasi hamda markazlashgan yoki mahalliy issiqlik ta’minoti tizimlaridan foydalanishga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda, bu esa aholi uchun qo‘shimcha xarajatlar va muhokamalarni keltirib chiqarmoqda.

Source: www.gazeta.uz