Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kadastr agentligi direktori vazifasini bajaruvchi Sadriddin Turdiyev tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasida fuqarolar va tadbirkorlar uchun navbatdagi sayyor qabullar tashkil etildi. Joriy yilning 15–16-oktabr kunlari oʻtkazilgan ushbu uchrashuvlarda yer va kadastr sohasiga oid 200 nafardan ortiq fuqaroning murojaatlari birma-bir koʻrib chiqildi.

Xususan, 15-oktabr kuni Qoraqalpogʻistonning 12 ta tumani va bitta shahri aholisidan jami 136 ta murojaat kelib tushgan boʻlsa, 16-oktabr kuni Beruniy tumanida davom etgan tadbirda Beruniy, Ellikqalʼa, Toʻrtkoʻl hamda Amudaryo tumanlaridan kelgan shaxslarning yana 72 ta murojaati tinglandi. Murojaatlarning asosiy qismi yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni qonuniy rasmiylashtirish, koʻchmas mulk obyektlariga kadastr hujjatlarini tayyorlash va sohaga doir boshqa dolzarb masalalarni oʻz ichiga oldi.

Oʻtkazilgan muloqotlar davomida vakolat doirasida tezkor hal etilishi mumkin boʻlgan masalalar boʻyicha fuqarolarga batafsil huquqiy tushuntirishlar berildi. Qoʻshimcha oʻrganish, vaqt va moliyaviy resurslarni talab etadigan murojaatlar esa alohida nazoratga olinib, ularni qonunchilikda belgilangan tartibda qisqa muddatda ijobiy hal etish yuzasidan masʼul idora xodimlariga aniq topshiriqlar yuklatildi.

Maʼlum qilinishicha, Kadastr agentligining mazkur sayyor qabullari oʻz ishini hududlar boʻylab davom ettiradi va navbatdagi qabul 17-oktabr kuni Xorazm viloyatining Urganch shahrida boʻlib oʻtadi. Ushbu tadbir soat 10:00 da Yoshlar ishlari agentligi Xorazm viloyati boshqarmasi binosida tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Source: kun.uz