Fransiyaning EDF kompaniyasi Yevropa, Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo bo‘yicha ijrochi vitse-prezidenti Sedrik Lebushning ma’lum qilishicha, quvvati 1600 MVt bo‘lgan “Sirdaryo-2” bug‘-gaz elektr stansiyasi joriy qish mavsumidayoq O‘zbekiston energetika tizimini mustahkamlashni boshlaydi. U bu haqda 16-oktabr kuni mamlakat rahbariyati bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ta’kidlab o‘tdi.
Lebushning so‘zlariga ko‘ra, Siemens va Nebras hamkorlari bilan birgalikda Surxondaryo viloyatida barpo etilayotgan shunday quvvatdagi boshqa bir stansiyada ham qurilish ishlari jadal ketmoqda va obyektning 75 foizi allaqachon bajarilgan. Shuningdek, EDF va Eolus kompaniyalari Buxoro yaqinida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish bo‘yicha bayonnoma imzolagan bo‘lib, loyiha energiyani saqlash tizimini ham o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga, fransuz kompaniyasi davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida mamlakat elektr tarmoqlarini modernizatsiya qilish jarayonlarida ham ishtirok etishdan manfaatdor ekanini bildirgan. Qayd etilishicha, EDF energiya uzatish va taqsimlash sohasida ulkan tajribaga ega bo‘lib, sohaga oid mutaxassislarni tayyorlash yo‘nalishidagi hamkorlikni kengaytirishga ham tayyor.
Biroq, yangi energetika obyektlarini barpo etish jarayonlari ba'zi muammolar va xatarlardan xoli emas. Jumladan, sentabr oyida “Sirdaryo-2” stansiyalarida o‘tkazilgan sinov-sozlash ishlari chog‘ida 1600 MVt quvvatlar avariyaviy tarzda o‘chib qolgani va buning oqibatida qator hududlarda elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgani ma'lum qilingan edi. Shuningdek, Surxondaryodagi stansiya loyihasi bo‘yicha ham qo‘shimcha xarajatlar yuzaga kelgani va infratuzilmani joylashtirishda kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani tanqid ostiga olingan edi.
Source: www.gazeta.uz