Joriy yilning 17–21-oktabr kunlari Fransiya poytaxti Parij shahrida oziq-ovqat sanoati va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga bagʻishlangan nufuzli «SIAL Paris 2026» xalqaro koʻrgazmasi boʻlib oʻtmoqda. Ushbu yirik xalqaro maydon dunyoning turli mamlakatlaridan kelgan ishlab chiqaruvchilar, eksportchilar va salohiyatli hamkorlarni oʻzaro birlashtirib, milliy mahsulotlarni keng targʻib etish hamda yangi savdo aloqalarini oʻrnatishga xizmat qiladi.
Mazkur nufuzli tadbirda «Turonbank» ATB vakillari ham faol ishtirok etib, «Oʻzbek limoni» milliy brendi ostida mahalliy mahsulotlarni xalqaro arenasiga olib chiqishmoqda. Taʼkidlanishicha, ushbu tashabbus mamlakatimizning eksport salohiyatini yanada namoyon etish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning imkoniyatlarini keng yoritish va oʻzbek limonlarining xorijiy bozorlardagi oʻrnini mustahkamlashga qaratilgan.
Oʻzbek limonlari oʻzining yorqin rangi, oʻziga xos xushboʻy ifori va betakror taʼmi bilan ajralib turib, yurtimizning tabiiy iqlim imkoniyatlari hamda dehqonlarimizning mehnatini namoyon etadi. Parijdagi koʻrgazma xorijiy xaridorlarni jalb qilish, yangi hamkorlik shartnomalarini tuzish va mahsulotlarimizning eksport geografiyasini kengaytirish uchun qulay sharoit yaratadi.
«Turonbank» ATB matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, moliya muassasasi tadbirkorlar va eksportchilar uchun ishonchli tayanch boʻlib qolishni maqsad qilgan. Bank mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning jahon bozorlariga chiqishini yengillashtirish hamda milliy tovarlarning raqobatbardoshligini oshirish borasidagi ishlarni izchil davom ettiradi.
Source: kun.uz