Joriy yilning 19-oktabr kuni Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Amerikaning yetakchi aktivlarni boshqarish kompaniyasi – Franklin Templeton prezidenti va bosh direktori Jenni Jonson bilan uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralar davomida mamlakatimizdagi yirik davlat korxonalarini isloh qilish jarayonlari va fond bozori orqali xorijiy investitsiyalarni jalb qilishning istiqbolli yo‘nalishlari atroflicha ko‘rib chiqildi.
Ma'lumki, Franklin Templeton mazkur jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, uning tarkibiga kiruvchi Templeton Global Investments kompaniyasi O‘zbekiston Milliy investitsiya fondining investitsiya aktivlarini boshqarish vazifasini bajarmoqda. Ushbu fond portfeliga mamlakatimizdagi 18 ta yirik davlat korxonasi va tijorat banklarining aksiyalari kiritilgan bo‘lib, ular bosqichma-bosqich xususiy investorlar uchun jozibador ko‘rinishga keltirilib, fond birjasiga chiqarilishi rejalashtirilgan.
Tomonlar ushbu hamkorlikning amaliy natijalariga ham alohida to‘xtalib o‘tdilar. Xususan, Milliy investitsiya fondi aksiyalarining London va Toshkent fond birjalarida muvaffaqiyatli ravishda xalqaro birlamchi ommaviy joylashtirilishi (IPO) amalga oshirildi. Buning natijasida qariyb 700 million AQSh dollari miqdoridagi mablag‘lar jalb etilgan bo‘lib, aksiyalarga bo‘lgan talab taklifdan to‘rt baravardan ziyod oshib ketgani qayd etildi.
Uchrashuvda kelgusidagi ustuvor vazifalar, xususan, fond portfeliga kiruvchi korxonalarni chuqur transformatsiya qilish masalalari muhokama qilindi. Davlat rahbarining ta'kidlashicha, mazkur o‘zgarishlar aholi farovonligini oshirishga, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga hamda fuqarolarning keyingi aksiyalashtirish jarayonlaridagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qilishi lozim.
Shuningdek, muzokaralar davomida yirik kompaniyalarni IPO ga tayyorlash, ularning rahbar kadrlari malakasini oshirish va Franklin Templeton kompaniyasining Toshkent xalqaro moliya markazi faoliyatida ishtirok etish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
Source: podrobno.uz