Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Kecha, 19-oktabr oqshomida Toshkent shahrining bir nechta tumanlarida elektr energiyasi ta'minotida favqulodda uzilishlar yuzaga keldi. O'zbekiston Energetika vazirligining ma'lumotlariga ko'ra, bunga Qibray tumanidagi "Aksa Toshkent" Toshkent IES uskunasiga havo sharining kelib urilishi sabab bo'lgan. Ushbu favqulodda holat xavfsizlik kameralari obyektiviga ham tushib qolgan.

Hodisa soat 19:05 da sodir bo'lgani aytilmoqda. T-5 transformatorining shikastlanishi oqibatida avtomatik himoya tizimi ishga tushib, stansiyaning umumiy quvvati keskin ravishda 460 megavattdan 185 megavattgacha pasayib ketgan. Natijada Yunusobod, Olmazor, Mirzo Ulug'bek va Shayxontohur tumanlarining ayrim hududlarida vaqtincha elektr ta'minoti uzilib qolgan.

Shunga qaramay, mas'ul idoralar tomonidan tezkor choralar ko'rilgani ta'kidlanmoqda. Soat 19:09 da Yunusobod va Olmazor tumanlarida qisman elektr energiyasi tiklangan. Shuningdek, soat 19:25 ga kelib zaxira manbalari orqali quvvat to'liq berilgan, soat 19:38 da esa barcha iste'molchilar elektr bilan ta'minlangan.

Mutasaddilar aholini energetika obyektlari, xususan, elektr stansiyalari va podstansiyalar yaqinida havo sharlari hamda uchuvchisiz qurilmalarni uchirmaslikka chaqirmoqda. Bunday e'tiborsizlik yirik texnologik uzilishlarga sabab bo'lishi mumkinligi eslatib o'tildi. Eslatib o'tamiz, avvalroq Sirdaryo viloyatidagi yangi issiqlik elektr stansiyasida ham shunga o'xshash yirik avariya yuzaga kelib, qo'shni Qozog'iston hududlariga ham ta'sir ko'rsatgan edi.

Source: podrobno.uz