Yakkasaroy tumanidagi Belariq ko‘chasida joylashgan eski bir qavatli hovlida “Ichkari” deb nomlangan yangi madaniy makon o‘z faoliyatini boshladi. Ushbu loyiha san’atshunoslar Fotima Orifjonova va Maqsud Asqarov tomonidan taxminan uch yil avval o‘zbek madaniyatini ham mahalliy aholiga, ham xorijiy mehmonlarga yaqinroq tanishtirish maqsadida o‘ylab topilgan edi.
1920-yillarda qurilgan va avvallari bog‘bonlarga tegishli bo‘lgan bu hovli o‘zining tarixiy qiyofasini saqlab qolgan holda muzey-makon sifatida qayta jihozlandi. Asoschilar uyni sun’iy ravishda o‘zgartirmasdan, bor narsalarni ehtiyotkorlik bilan asrab-avaylagan holda unga yangi hayot bag‘ishladilar. Makon nomi an’anaviy o‘zbek uyining tashqari va ichkari qismlariga ishora qilib, tashrif buyuruvchilarni o‘zining ichki olamiga nazar tashlashga chorlaydi.
Majmuaning doimiy ekspozitsiyasi uyning turli xonalarida joylashgan bo‘lib, uchrashuv, nikoh va ayriliq kabi inson hayotining yagona siklini aks ettiruvchi mavzularga bo‘lingan. Kolleksiyada Sug‘d davriga oid terrakota haykalchalari, Poykand keramikasi va Temuriylar davri buyumlari kabi 700 dan ortiq eksponatlarning bir qismi namoyish etilmoqda.
Shuningdek, hududda “Yalt-yult” ko‘rgazmasi tashkil etilgan bo‘lib, u uch asr davomida hashamat va maqom tushunchalari qanday o‘zgarganini tadqiq qiladi. Mehmonlar uchun ayvon, kutubxona, shuningdek, doimiy menyusi yo‘q, oddiy uy ovqatlari tortiladigan “Darcha” kafesi faoliyat yuritmoqda.
Source: www.gazeta.uz