Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Oʻzbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi Beeline Uzbekistan mobil operatorining egasi boʻlgan VEON guruhiga yana bir aloqa operatori — Perfectum'ni sotib olish uchun oldindan rozilik berdi. Mazkur bitim mamlakatimiz telekommunikatsiya bozorida jiddiy oʻzgarishlarni keltirib chiqarishi kutilmoqda va u qator qat'iy shartlar bilan cheklangan.

Maʼlum qilinishicha, tegishli ariza Birlashgan Arab Amirliklarida roʻyxatdan oʻtgan va VEON tarkibiga kiruvchi “VEON UZB Holding Ltd” kompaniyasi tomonidan taqdim etilgan. Ushbu tuzilma ayni paytda Oʻzbekistonda Beeline brendi ostida faoliyat yurituvchi “Unitel” MChJning ham yagona egasi hisoblanadi. Endilikda esa u Perfectum savdo belgisi ostida ishlovchi “Rubicon Wireless Communication” AJ aksiyalarining toʻliq 100 foizini oʻz qoʻmiga kiritishni rejalashtirmoqda.

Raqobat qoʻmitasining maxsus komissiyasi bozorda monopoliyaga yoʻl qoʻymaslik va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish maqsadida bitimga bir qator majburiy talablarni oʻrnatdi. Xususan, Perfectum kamida uch yil davomida mustaqil ravishda alohida faoliyat yuritishi va 5G Standalone texnologiyasini boshqa hududlarga ham faol ravishda kengaytirib borishi shart etib belgilandi.

Shuningdek, amaldagi abonentlar uchun 5G FWA simsiz keng polosali internet tariflari oʻn ikki oy davomida oʻzgarishsiz saqlanishi, yangi foydalanuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratilishi hamda internetning oʻrtacha tezligi 300 Mbit/s dan pastga tushib ketmasligi lozimligi qat'iy uqtirildi. Qoʻmita isteʼmolchilarni Beeline va VEON guruhiga tegishli raqamli platformalardan foydalanishga majburlashni qat'iyan taqiqladi.

Bundan tashqari, kompaniya abonentlarning shaxsiy va tijorat maʼlumotlarini qat'iy himoya qilishi, ularni raqobatni cheklash maqsadida ishlatmasligi hamda qonunchilikka zid ravishda xorijiy serverlarga uzatmasligi talab etiladi. Bitim ishtirokchilari Oʻzbekistonning “Raqobat toʻgʻrisida”gi qonuni talablariga qat'iy rioya etishi shart.

Source: kun.uz