Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Samarqand va Surxondaryo viloyatlari Ekologiya va iqlim o'zgarishi bosh boshqarmalari xodimlari tomonidan navbatdagi reyd tadbiri o'tkazildi, deb xabar bermoqda Ekologiya qo'mitasi matbuot xizmati. Ushbu operatsiya davomida shubhali ko'ringan Niva Legend avtomashinasi to'xtatilib, belgilangan tartibda ko'zdan kechirildi.

Avtomashina yukxonasidan sakkizta qopga solingan holda bitta ayiq hamda uchta yovvoyi to'ng'izning tana qismlari topildi. Shuningdek, transport vositasidan uch dona natsli ov miltig'i, MS-2112 rusumli silliq stvolli ov quroli hamda o'q otishga tayyor holatdagi, magazinida to'rtta 7,62 mm kalibrli patron bo'lgan Monza rusumli qurol aniqlandi.

Tekshiruv chog'ida jami 43 dona 7,62 mm kalibrli jangovar patron, mayda sochmali 56 ta patron, 13 ta o'q-dori, ikkita durbin, ikkita tovush pasaytiruvchi moslama (glushitel), pichoqlar, fonuslar, bolta va boshqa ashyoviy dalillar musodara qilindi. Huquqbuzarlar Surxondaryo viloyatining Sariosiyo tumani hududida Qizil kitobga kiritilgan Tyan-Shan qo'ng'ir ayig'ini va uchta yovvoyi to'ng'izni noqonuniy ravishda ovlagani aniqlandi.

Ushbu noqonuniy hatti-harakatlar natijasida hayvonot dunyosiga 679 million 800 ming so'm miqdorida moddiy zarar yetkazilgani ma'lum qilindi. Mazkur holat yuzidan barcha ov qurollari, o'q-dori va hujjatlar vaqtincha saqlash uchun viloyat IIBga topshirildi, avtomobil esa jarima maydonchasiga joylashtirildi.

Hozirgi vaqtda huquqbuzarlarga nisbatan O'zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 202-moddasi 3-qismi (hayvonot yoki o'simlik dunyosidan foydalanish tartibini buzish) bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Source: uznews.uz