O'zbekistonda ilmiy tashkilotlar, startaplar va hokimlar maslahatchilari Raqamli texnologiyalar vazirligining sun'iy intellekt infratuzilmasidan bepul yoki chegirmali asosda foydalanishlari mumkinligi ma'lum qilindi. Ushbu imtiyozlar hukumat qarori bilan tasdiqlangan tartib asosida beriladi va buning uchun loyihalar maxsus tanlovdan o'tishi talab etiladi.
Katta til modellaridan foydalanuvchi loyihalar uchun olti oygacha bo'lgan muddatda dasturiy interfeysga bepul kirish huquqi taqdim etiladi. Har bir kalendar oyida sun'iy intellekt ishlaydigan matn birliklari bo'lgan 10 milliongacha tokenni qayta ishlash imkoniyati yaratiladi.
Agar loyihaga qo'shimcha resurslar talab etilsa, oyiga yana 50 milliongacha tokendan foydalanish imkoniyati mavjud bo'lib, bu hajm uchun 50 foizlik chegirma nazarda tutilgan. Shuni ta'kidlash kerakki, foydalanilmagan tokenlar keyingi oyga o'tkazilmaydi.
Shuningdek, boshqa turdagi sun'iy intellekt modellarini o'qitish, sinovdan o'tkazish va baholash uchun olti oy muddatga 120 gigabaytgacha bo'lgann video xotira ajratilishi ko'zda tutilgan. Loyihalar yiliga ikki marta — iyul va noyabr oylarida tanlov asosida saralab olinadi.
Qolaversa, O'zbekistonda har yili bir million yoshlarni robototexnika, o'yinlar yaratish va startaplar yo'nalishlarida o'qitish rejalashtirilmoqda, bu esa kelgusida kadrlar salohiyatini oshirishga qaratilgan.
Source: podrobno.uz