Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Namangan shahrida fuqarolarni chet elga ishga joylashtirishni va’da qilib, ularning ishonchiga kirgan mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati rasmiy ma’lumot tarqatdi, deb xabar bermoqda muxbirlarimiz.

Ma’lum bo‘lishicha, mazkur MCHJ rahbari To‘raqo‘rg‘on tumanida yashovchi bir fuqaro hamda uning uch nafar tanishini Yevropa davlatlaridan biri bo‘lgan Polshaga mavsumiy ishga yuborishni va’da qilgan. O‘zining bu «xizmatlari» evaziga u jami 10,4 ming AQSh dollari miqdorida pul talab qilgani aniqlangan.

O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida gumonlanuvchi shaxs talab qilingan mablag‘ning 4,4 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan tegishli tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda va barcha tafsilotlar aniqlashtirilmoqda.

Source: www.gazeta.uz