Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Xorazm viloyatining Bogʻot tumanida jamoatchilikni qattiq tashvishga solgan ogʻir fojia yuz berdi. Tumandagi Maʼnaviyat mahallasida yashovchi bir oilaning toʻrt nafar aʼzosi, jumladan, ona va uning uch nafar voyaga yetmagan qizlari hayotdan koʻz yumdi. Ushbu mudhish hodisa 10-oktabr kuni sodir boʻlgan boʻlib, hozirda uning sabablari va tafsilotlari oʻrganilmoqda.

Maʼnaviyat mahallasi raisining bergan maʼlumotlariga koʻra, fojianing aniq sabablari hali rasman tasdiqlanmagan, biroq jabrlanganlar uy sharoitida tayyorlangan salatdan zaharlangani taxmin qilinmoqda. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, mazkur oilada tugʻilgan kun bayrami nishonlangan va oradan bir kun oʻtib, ona hamda qizlari oʻsha tadbardan ortib qolgan salatni isteʼmol qilishgan. Voqea sodir boʻlgan paytda oila boshligʻi — turmush oʻrtogʻi uyda boʻlmagani maʼlum boʻldi.

Maʼlum qilinishicha, isteʼmol qilingan salatlar uy bekasining oʻzi tomonidan tayyorlangan. Vafot etgan qizlarning eng kattasi atigi 7 yoshda boʻlgani, oilada ulardan boshqa farzand boʻlmagani fojianing ogʻirligini yanada oshiradi. Hozircha vakolatli idoralar tomonidan mazkur holat yuzasidan rasmiy va batafsil bayonot berilganicha yoʻq, tergovoldi surishtiruv ishlari davom etmoqda.

Source: kun.uz