Qashqadaryo viloyatida joriy yil yakuniga qadar 500 nafar yoshni nemis tiliga oʻqitib, Germaniyada haq toʻlanadigan amaliyotga joʻnatish koʻzda tutilmoqda. Bu haqda mamlakat rahbari Shavkat Mirziyoyevning viloyatga tashrifi chogʻida maʼlum qilindi.
Davlat rahbari 21-oktabr kuni Qashqadaryo ilgʻor kasbiy mahorat texnikumi va uning negizida tashkil etilgan “Kasblar shaharchasi” faoliyati bilan tanishdi. Qiymati 42 milliard soʻmni tashkil etuvchi ushbu zamonaviy texnikum 5,2 gektar maydonda barpo etilgan boʻlib, tarkibida oʻquv binolari, laboratoriyalar, ustaxonalar, yotoqxona hamda sport maydonchalarini qamrab olgan 14 ta binodan iborat.
Hozirgi kunda mazkur muassasada 10 ta yoʻnalish boʻyicha 417 nafar yosh tahsil olmoqda. Taʼlim jarayoniga Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilgʻor tajribalari tatbiq etilmoqda. Shuningdek, texnikum viloyatdagi boshqa taʼlim muassasalari uchun ham metodik baza boʻlib xizmat qiladi.
Prezident stajirovkaga ketayotgan bir guruh yoshlar bilan muloqot qilib, bilim va hunarni puxta egallash zarurligini taʼkidladi. Shuningdek, maktab davridanoq kasb va til oʻrgatish muhimligi qayd etilib, “Kasblar shaharchasi” oʻquvchilarning qiziqishlarini erta aniqlashga xizmat qilishi bildirildi.
Source: kun.uz