Jahon miqyosida sun’iy intellekt uchun hisoblash quvvatlariga bo‘lgan talab misli ko‘rilmagan darajada o‘sib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, AQSh va boshqa yetakchi davlatlar bu borada tarixdagi eng yirik infratuzilma poygasini olib bormoqda, biroq energiya taqchilligi va ekologik cheklovlar bu jarayonni jiddiy ravishda sekinlashtirmoqda. Xususan, Amerika kompaniyalari duch kelayotgan qiyinchiliklar va mahalliy aholining noroziliklari yirik texnologik gigantlarni yangi mintaqalarni izlashga majbur qilmoqda. O‘zbekiston esa o‘z navbatida ushbu global jarayonda muhim markazga aylanish uchun qator o‘ziga xos afzalliklarga ega ekanligi aytilmoqda.
Mamlakatda sun’iy intellekt loyihalari uchun maxsus rejimlar, jumladan, Qoraqalpog‘istonda yaratilgan imtiyozlar hamda ingliz huquqi elementlarini o‘z ichiga olgan Toshkent xalqaro moliya markazi va Enterprise Uzbekistan rejim amal qilmoqda. Shuningdek, energetika sohasida kutilayotgan quvvatlar oshishi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salohiyati investorlar uchun jozibador ko‘rinishi mumkin. Biroq ekspertlarning ta’kidlashicha, mavjud qonunchilik bazasini real investitsiyalarga aylantirish uchun tayyor infratuzilma maydonlari va aniq kafolatlar zarur.
Shu bilan birga, sohada qator jiddiy xatarlar va to‘siqlar saqlanib qolayotgani e’tirof etilmoqda. Xususan, elektr energiyasi tariflarining barqarorligi, tranzit yo‘nalishlarining xavfsizligi va suv resurslarining cheklangani kabi omillar o‘z yechimini kutmoqda. Qo‘shni davlatlar, jumladan Qozog‘iston va Armaniston xalqaro gigantlar bilan millionlab dollarlik shartnomalarni imzolab ulgurgan bir paytda, O‘zbekiston ham o‘z takliflarini yanada takomillashtirishi va xorijiy investorlar uchun tushunarli shart-sharoitlarni yaratishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Source: www.gazeta.uz