O‘zbekistonda xorijiy sayyohlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida smartfonlar orqali kontaktsiz to‘lovlarni amalga oshirish imkoniyatlarini kengaytirish choralari ko‘rilmoqda. Xususan, Google Pay xizmatidan keyin mamlakatimizda Apple Pay tizimini ham ishga tushirish kutilmoqda. Turizm qo‘mitasining ma’lum qilishicha, ushbu yo‘nalishdagi zarur texnik va muvofiqlashtirish ishlari Markaziy bank, tijorat banklari, shuningdek, HUMO va Uzcard to‘lov tizimlari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yangi moliyaviy texnologiyalarni joriy etish jarayonida mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar oqimi jadal o‘sayotgan strategik bozorlar — Xitoy va Hindiston yo‘nalishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu maqsadda Alipay+ hamda NPCI International xalqaro tizimlari bilan integratsiya jarayonlari faol amalga oshirilmoqda. Jumladan, joriy yilning avgust oyida HUMO infratuzilmasida Alipay+ to‘lov shlyuzi muvaffaqiyatli ishga tushirilib, Xitoydan kelgan sayyohlarga UZQR orqali qulay tarzda hisob-kitob qilish imkoniyati yaratildi.
Shuningdek, Mumbay shahrida bo‘lib o‘tgan Global Fintech Fest 2026 xalqaro ko‘rgazmasi doirasida HUMO rahbariyati va Hindistonning NPCI International kompaniyasi vakillari o‘rtasida muhim muzokaralar o‘tkazildi. Ushbu uchrashuvda transchegaraviy QR to‘lovlarini yo‘lga qo‘yish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Kelgusida UZQR va Hindistonning UPI to‘lov tizimini o‘zaro birlashtiruvchi loyihaning ishga tushirilishi hindistonlik sayyohlarga savdo shoxobchalarida o‘zlariga tanish bo‘lgan mobil ilovalar yordamida QR-kodni skanerlash orqali to‘lovlarni amalga oshirish imkonini berishi kutilmoqda.
Source: www.gazeta.uz