Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Migratsiya agentligi tomonidan xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida navbatdagi amaliy ishlar amalga oshirildi. Ma’lum qilinishicha, joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyi davomida chet ellardagi vatandoshlarimizning oylik ish haqi va turli kompensatsiyalarini undirish yuzasidan qilingan murojaatlar ijobiy hal etilgan.

Xususan, ushbu davr mobaynida oylik maoshini ololmayotgan va turli to‘lovlardan mahrum qilingan 817 nafar fuqaroning murojaatlari o‘rganib chiqilgan. Ko‘rilgan choralar natijasida xorijiy ish beruvchilardan jami 850 ming dollar miqdoridagi mablag‘lar jabrlangan o‘zbekistonliklar foydasiga undirib berilishiga erishilgan.

Statistika ma’lumotlariga ko‘ra, bunday murojaatlarning asosiy qismi Rossiya davlatiga to‘g‘ri kelib, u yerda 533 ta holat qayd etilgan. Shuningdek, Turkiyada 155 ta, Janubiy Koreyada 92 ta va boshqa davlatlarda 37 ta murojaat ko‘rib chiqilib, fuqarolarning huquqlari tiklangan.

Bundan tashqari, hisobot davrida xorijdagi turli vositachilar va adolatsiz ish beruvchilar tomonidan olib qo‘yilgan 532 nafar o‘zbekistonlikning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari ham qaytarib berilgan. Hujjatlarni olib berish bo‘yicha Rossiyada 331 ta, Turkiyada 185 ta, Qozog‘istonda 11 ta va Koreyada 5 ta holat hal etilgan.

Source: www.gazeta.uz