O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryo viloyatiga amalga oshirgan amaliy tashrifi o‘z nihoyasiga yetdi. Davlat rahbari safarning so‘nggi manzilida Qarshi davlat universitetida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishib, poytaxtga qaytib keldi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma'lum qildi.
Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, mazkur oliy ta'lim muassasasida bugungi kunda bakalavriat va magistratura bosqichlarida 14 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda. Shuningdek, universitetda 579 nafar malakali o‘qituvchi faoliyat yuritmoqda. Ta'kidlanishicha, ingliz filologiyasi, matematika, amaliy matematika hamda fizika yo‘nalishlari xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan bo‘lib, Rossiya va Belorussiya oliygohlari bilan hamkorlikda 14 ta qo‘shma ta'lim dasturi amalga oshirilmoqda.
Tashrif davomida davlat rahbariga tillar fakultetida tashkil etilgan zamonaviy imkoniyatlar ko‘rsatildi. Xususan, bu yerda ming o‘rinli mediasudiya hamda xitoy, nemis, fransuz, ingliz va rus tillarini o‘rganish markazlari ish boshlagan. Bundan tashqari, Xalqaro laboratoriyalar markazida sun'iy intellekt, mashinaviy o‘qitish va robototexnika yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar olib borilmoqda.
Universitet infratuzilmasini yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar bajarilgan. O‘tgan yili muassasada keng ko‘lamli qurilish va rekonstruksiya ishlari olib borildi. Uchta yangi talabalar turar joyining qurilishi natijasida qo‘shimcha 1,3 mingdan ortiq o‘rin yaratildi va talabalarning yashash joyiga bo‘lgan ehtiyoji to‘liq qoplandi.
Shuningdek, hududda 240 o‘rinli bolalar bog‘chasi, kutubxona, oshxonalar, yoshlar markazi va anjumanlar saroyi faoliyat yuritmoqda. Universitet qoshida “Lochin” futbol jamoasi tuzilib, ular uchun zamonaviy maydon barpo etilgan. Prezident talabalarga xizmat ko‘rsatish markazi faoliyati bilan ham tanishdi.
Source: podrobno.uz