Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Joriy yilning 23-oktabr kuni Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Muhammad Ali Iskandariy mamlakat Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirildi. Diplomatik idora ma’lumotiga ko‘ra, uchrashuv chog‘ida elchiga respublikaning qat’iy e’tirozini ifodalovchi rasmiy norozilik notasi topshirilgan.

Mazkur diplomatik qadamga Eronning xorijiy davlatlardagi, xususan, Armaniston va Zimbabvedagi elchixonalari tomonidan X ijtimoiy tarmog‘ida tarqatilgan bahsli materiallar sabab bo‘lgan. Ushbu postlarda Samarqanddagi mashhur Registon maydoni fonida tushirilgan suratlar joylashtirilib, undagi me’moriy obidalar arkalari go‘yoki “eron-islom sivilizatsiyasining xususiyati” ekani iddao qilingan edi. O‘zbekiston tomoni bu kabi bayonotlarni mamlakatning tarixiy-madaniy merosini biryoqlama va shubhali siyosiy maqsadlarda talqin qilishga urinish deb baholadi.

Muloqot davomida O‘zbekiston TIV vakillari Samarqand, Buxoro, Xiva va boshqa qadimiy shaharlar merosi asrlar davomida shakllangan boy hamda ko‘p qirrali tarixiy jarayonlarning ajralmas qismi ekanini qat’iy uqtirdilar. Shaharning me’moriy qiyofasi o‘zbek xalqining ko‘p asrlik tarixi, davlatchilik an’analari va o‘ziga xos madaniy taraqqiyotining yorqin ko‘zgusi ekani alohida ta’kidlab o‘tildi.

Shuningdek, vazirlik rasmiy axborot resurslarida e’lon qilinadigan materiallar o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslanishi hamda tarixiy-madaniy mavzularni asossiz ravishda siyosiylashtirmaslik lozimligini eslatdi. Eron tomoniga ijtimoiy tarmoqlardagi bunday postlarni zudlik bilan olib tashlash va kelgusida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha qat’iy talablar qo‘yildi.

Source: www.gazeta.uz