Valyuta
  • Yuklanmoqda...
Ob-havo
  • Yuklanmoqda...
Havo sifati (AQI)
  • Yuklanmoqda...

Toshkent shahrida poytaxtni 2026–2027-yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qo'shimcha chora-tadbirlar doirasida keng ko'lamli ishlar boshlandi. Xususan, shahar hududidagi barcha bozorlar va savdo komplekslarining moliyaviy holatini o'rganish, shuningdek ularning mol-mulkini to'liq xatlovdan o'tkazish jarayonlari tashkil etilmoqda.

Rasmiy ma'lumotlarga ko'ra, xatlov jarayonida bino va inshootlarning kadastr hujjatlari, mavjud mulklar hamda mulkdorlarning aniq ro'yxati chuqur o'rganib chiqiladi. Mutaxassislar savdo komplekslari hududlaridagi noqonuniy qurilishlarni aniqlash va ularni bartaraf etish choralarini ko'rishni rejalashtirgan.

Shuningdek, tadbir davomida hududlarning chegaralari, muhofaza zonalari va mavjud cheklovlar ko'rib chiqilib, soliq, majburiy to'lovlar va boshqa qarzdorliklar tahlil qilinadi. Komplekslarning moliyaviy holati hamda mavjud muammolarni hal etish bo'yicha amaliy takliflar ishlab chiqilishi belgilangan.

O'rganishlar natijalariga ko'ra, bozor va savdo komplekslari aktivlaridan yanada samarali foydalanish choralari ko'riladi. Jumladan, tegishli boshqaruv organlari qarorlariga muvofiq ularni ommaviy savdolarga chiqarish bo'yicha takliflar tayyorlanishi kutilmoqda.

Mazkur murakkab jarayon Kadastr agentligining Toshkent shahar boshqarmasi, tuman hokimliklari, soliq organlari, Munitsipal aktivlarni boshqarish markazi hamda «Toshkent Invest kompaniyasi» AJ ishtirokida muvofiqlashtirilgan holda amalga oshirilmoqda.

Source: kun.uz