O‘zbekistonda ichimliklardan bo‘shagan plastik va shisha idishlar, shuningdek, alyuminiy bankalar uchun majburiy depozit tizimini joriy etish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ushbu tashabbus 20-oktabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Iskandar Qutbiddinov tomonidan “Chiqindilarni boshqarish to‘g‘risida”gi qonunning yangi tahriri loyihasini taqdim etish chog‘ida ma'lum qilindi.
Mutaxassisning ta'kidlashicha, amaldagi ixtiyoriy tartib kutilgan natijalarni bermagan va qadoqlash materiallarini alohida yig‘ish uchun yetarli iqtisodiy rag‘batlarni ta'minlamayapti. O‘zbekistonda bunday chiqindilarni qayta ishlash darajasi hozircha atigi 6,2 foizni tashkil etmoqda, bu esa ekologik vaziyatga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.
Taklif etilayotgan depozit tizimi mahsulot narxiga qadoqlash uchun alohida garov summasi kiritilishini nazarda tutadi. Xaridor bo‘sh idishni maxsus qabul qilish punktiga yoki avtomatga topshirgandan so‘ng ushbu summani qaytarib olishi mumkin bo‘ladi. Shunga o‘xshash tajriba xorijiy davlatlarda ham faol qo‘llanilib kelinmoqda.
Deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda ma'qullangan qonun loyihasi doirasida ishlab chiqaruvchilar va import qiluvchilarning mas'uliyatini kengaytirish ham rejalashtirilgan. Biroq yig‘ilishda depozit miqdori qancha bo‘lishi, tizim operatori kim etib belgilanishi va yangi qoidalar qachon kuchga kirishi haqida aniq ma'lumotlar berilmadi.
Source: www.gazeta.uz